LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mamlakatimiz fuqarolarining vijdon erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, muborak haj amallarini ado etishda qulayliklar va zarur sharoitlarni yaratishga davlat tomonidan yordam ko‘rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston musulmonlari idorasining 1998-yilgi haj Ziyoratini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Muborak haj safarini tashkil qilish, ziyoratchilar ro‘yxatini respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” jamoatchiligi markazi, “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalarining joylardagi bo‘linmalari vakillari ishtirokida keng jamoatchilik fikrini e’tiborga olgan holda tuzish, musulmonlarning talab-ehtiyojlarini adolatli ravishda qondirish mas’uliyati O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, uning joylardagi mutasaddi vakillari zimmasida ekanligi e’tiborga olinsin.
2. 1998-yil haj safarini tashkil etishda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bevosita yordam ko‘rsatsin.
3. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi (A. Ro‘zmetov) 1998-yil mart-aprel oylarida ziyoratchilarning Jidda shahriga borib-kelishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning xarajatlarini kamaytirish choralarini ko‘rsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z.Almatov), Tashqi ishlar vazirligi (A.Komilov), Davlat bojxona qo‘mitasi (O‘.Komilov) O‘zbekiston musulmonlari idorasining taqdimiga ko‘ra ziyoratchilarning safar hujjatlarini belgilangan tartibda rasmiylashtirishni ta’minlasinlar.
5. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi (Sh.Karimov) Saudiya Arabistoni haj ishlari vazirligi tomonidan qo‘yilgan tibbiy talablar va mamlakatning iqlim sharoitini hisobga olgan holda ziyoratchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni, haj davrida ularga yordam ko‘rsatishni tashkil etsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z.Almatov) va Milliy xavfsizlik xizmati (R.Inoyatov) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining noqonuniy yo‘llar bilan haj ziyoratiga borishi oqibatida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish hamda ziyoratchilarning umumiy xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilasinlar.
7. O‘zbekiston “O‘zbeksavdo” aksionerlik kompaniyasi (Z.Fayziyev) va “O‘zbekbirlashuv” uyushmasi (F.Burxonov), O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyurtmalariga asosan, ziyoratchilar uchun kerakli buyumlar savdosini joylarda tashkil etsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki (R.Azimov) O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasdiqlagan ro‘yxatga binoan, mamlakatimizdan hajga ketayotgan har bir fuqaro uchun 1400 (bir ming to‘rt yuz) AQSh dollarini imtiyozli — vositachilik haqi olmagan holda almashtirib berishni ta’minlasin.
Ziyoratchilarning tegishli miqdordagi so‘mlarini joylarda umumlashtirilgan holda yig‘ib olish va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining tegishli bo‘limlariga topshirish O‘zbekiston musulmonlari idorasining mas’ul xodimlari zimmasiga yuklansin.
Bu mablag‘lar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Milliy bankdagi maxsus hisob raqamiga jamlanib, belgilangan miqdori konvertatsiya qilinsin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi barcha zarur to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining chet el banklaridagi korrespondent hisoblari orqali pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiradi.
10. O‘zbekiston Respublikasi pul-kredit siyosati komissiyasi hajga boruvchilar uchun respublika birjasi orqali Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga 5.180.000 (besh million bir yuz sakson ming) AQSh dollarini sotishni ta’minlasin.
11. O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda ommaviy axborot vositalariga muborak haj ziyoratining mohiyati va talablarini, uni amalga oshirishning tartib-qoidasi, muddati, barcha shartlarini, uning yakunlarini keng va oshkora yoritib borish tavsiya etilsin.