[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.03.00.00 Ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha hamkorlik / 19.03.07.00 Turizm va sport sohasidagi xalqaro hamkorlik]
[
TSZ:
1.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida
2018-yil 1-oktabr, Dehli
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2018-yil 1-oktabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
turizmni rivojlantirish va Tomonlar davlatlari aholisining madaniy hayoti bilan tanishish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida,
Tomonlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan o‘zaro manfaat asosida,
O‘zbekiston tarafidan Hindiston Respublikasi fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza rejimi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lish, undan tranzit o‘tish va jo‘nab ketishda vizadan ozod etish tartibini joriy etilganligining ikki davlat o‘rtasida sayyohlar oqimini oshishidagi ijobiy rolini qayd etib,
Tomonlar davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishida turizmning muhim rolini hisobga olib,
ikki tomonlama asosda turizm sohasida samarali hamkorlik qilishga intilib,
tenglik, o‘zaro hurmat va o‘zaro manfaat prinsiplariga asoslangan holda,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar har ikkala Tomon davlatlarining fuqarolarini o‘z davlatlarining fan, iqtisodiyot, ijtimoiy taraqqiyot, madaniyat, tabiat, diqqatga sazovor joylar, shuningdek, tarixiy obidalar va madaniy an’analar sohasidagi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga ko‘maklashadilar.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar oqimini oshirish uchun o‘z davlatlarining milliy qonunchiligi doirasida davlatlari hududiga boshqa Tomon davlatining fuqarolari kirishi tartibini soddalashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
2-modda
Tomonlar o‘z davlatlari o‘rtasida sayyohlar oqimini oshirish maqsadida davlatlarining turizm sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tashkilotlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadilar.
3-modda
Tomonlar O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Toshkent, Qo‘qon, Termiz va boshqa, shuningdek, Hindistonning Dehli, Agra, Varanasi, Hampi, Ahmadobod, Maduray va boshqa qadimiy shaharlari va sayyohlik markazlarini targ‘ibot qilishni, shu jumladan, xalqaro konferensiyalar, anjumanlar, seminarlar, ko‘rgazmalar va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilish, ularning tarixiy roli, zamonaviy ahamiyati, ulkan turistik salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlarini ochib berish orqali rag‘batlantiradilar.
4-modda
Mazkur Bitim doirasidagi maqsadlarga erishish uchun Tomonlar o‘z davlatlarining qonunlari, qoidalari va siyosatiga muvofiq quyidagi yo‘nalishlar va shakllarda hamkorlik qilishga kelishadilar:
a) Tomonlar davlatlarining ommaviy axborot vositalarida reklama kampaniyalari o‘tkazish;
b) turizmni rivojlantirish uchun turli xil tadbirlar, shu jumladan, seminarlar, konferensiyalar va V2V formatidagi uchrashuvlar o‘tkazish;
s) Tomonlar davlatlari hududida o‘tkaziladigan turistik yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etish;
d) tibbiy va ziyorat turizmni qo‘llab-quvvatlash;
e) Tomonlar davlatlarining turizm tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘quv safarlari tashkil etish;
f) Tomonlarning hamkorligini qo‘llab-quvvatlash va turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish;
g) Tomonlar davlatlari tegishli muassasalari mutaxassislarining tajriba almashinuvi orqali turistik sanoat vakillari uchun amaliyotlar tashkil etish, xodimlarni o‘qitishda yordam ko‘rsatish;
h) turizm sohasida axborot va tajriba, shuningdek Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq investitsiya sohasida beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot almashish;
i) turistik nashrlar va boshqa materiallarni, ayniqsa, har ikkala Tomon davlatlarining turistik salohiyatini targ‘ibot qiladigan audio va video materiallarni tarqatish;
j) yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish;
k) Tomonlarda o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan boshqa tegishli yo‘nalishlar.
5-modda
Tomonlar quyidagilarni mazkur Bitimni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib tayinlaydilar:
O‘zbekiston tomonidan — O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi;
Hindiston tomonidan — Hindiston Respublikasi Turizm vazirligi.
6-modda
Tomonlar har bir davlatning qonunchiligi bilan o‘rnatilgan qonunlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va siyosatga muvofiq Tomonlar davlatlarining boshqa Tomon davlati hududida bo‘lib turgan sayyohlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarda ularni evakuatsiya qilish choralarini ko‘radilar.
7-modda
Tomonlar mazkur Bitimning amalda bajarilishini ta’minlash maqsadida tarkibiga har ikki Tomondan teng miqdorda a’zolar kiritiladigan turizm sohasida Qo‘shma ishchi guruhini tuzadilar.
Qo‘shma ishchi guruh o‘z davriy uchrashuvlarini har ikki yilda bir marotaba Tomonlar oldindan o‘zaro kelishgan muddatlarda navbat bilan O‘zbekiston va Hindistonda o‘tkazadi. Tomonlar mazkur uchrashuvlarga turizm sohasida faoliyat yuritadigan xususiy kompaniyalar vakillarini ham taklif etishlari mumkin.
8-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar, basharti har bir alohida holatda boshqacha kelishilmagan bo‘lsa, har bir Tomon tarafidan Tomonlar davlatlarining qonunchiligi va siyosatiga muvofiq tegishli sohaga ajratilgan mavjud moliyaviy manbalar doirasida qoplanadi.
9-modda
Mazkur Bitim qoidalarini qo‘llash yoki talqin qilish yuzasidan kelib chiqadigan nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Tomonlarning o‘zaro roziligiga ko‘ra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning uni tugatish niyati to‘g‘risida yozma xabarnomasini olgandan so‘ng uch oy o‘tgunga qadar o‘z kuchida qoladi.
Mazkur Bitim kuchga kirishi bilan 2015-yil 6-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risida
Bitim
o‘z kuchini yo‘qotadi.
Buning tasdig‘i sifatida o‘rnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Dehli shahrida 2018-yil 1-oktabrda ikki asl nusxada, har biri o‘zbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)