Maktabgacha ta’lim tizimini, shu jumladan, maktabgacha ta’lim jarayonining nodavlat sektorini yanada rivojlantirish, maktabgacha ta’lim muassasalarining tarmog‘ini kengaytirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan kengroq qamrab olishni ta’minlash va maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish tartibini belgilaydigan nizom tasdiqlandi, unga muvofiq xususiy sherik O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tanlov o‘tkazish yo‘li bilan aniqlanadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan qaror qabul qilinguniga qadar tanlovda tanlab olmasdan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etish maqsadida yer uchastkalari va bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari tadbirkorlik subyektlariga bepul asosda berildi, qurilish ishlari boshlandi, tijorat banklarining ko‘rib chiqishi uchun zarur hujjatlar kiritildi va tadbirkorlik subyektlariga kreditlar berildi.
2. Maktabgacha ta’lim vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori qabul qilinguniga qadar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etish maqsadida bo‘sh turgan yer uchastkalarini va bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini bepul asosda olgan tadbirkorlik subyektlari bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida uch tomonlama bitim tuzishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi hamda xususiy sheriklar tomonidan o‘z zimmalariga olingan majburiyatlarga rioya qilinishi uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
3. Belgilansinki, bo‘sh turgan yer uchastkalarini va bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini bepul asosda olgan, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida bitim tuzish xohishini bildirmagan tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kreditlar ajratilmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 2018-yil 26-iyungacha bo‘lgan muddatda 100,0 mln AQSh dollariga teng summani O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasining maxsus hisob raqamiga o‘tkazsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi 2018-yil 28-iyungacha bo‘lgan muddatda ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan tadbirkorlik subyektlariga 15 yil muddatga foizsiz asosda, shu jumladan, uch yillik imtiyozli davr bilan imtiyozli kredit berish uchun kredit liniyalari ochish to‘g‘risida bitimlar tuzilishini tugallasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish uchun bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli kredit berishning keyingi bosqichlarini moliyalashtirishning aniq manbalari, hajmlari va muddatlarini belgilasin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.