15.09.2017 yildagi PQ-3276-son
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-dekabrdagi PF-5893-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son)
 LexUZ sharhi

Mustaqillik yillarida ta’lim sohasida yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga qaratilgan tub o‘zgarishlar va islohotlar amalga oshirildi.

Xususan, umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan oshirish, intellektual, estetik va jismoniy barkamol avlodni shakllantirishni hamda yoshlarga ta’lim berishni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, shu jumladan, chet tillari, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi muhim va talab yuqori bo‘lgan boshqa fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatish 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilangan.

Xorijiy tajribalar davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat fuqarolarning sifatli ta’lim olishga bo‘lgan huquqini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ko‘rsatmoqda.

Shuning uchun ham bir qator rivojlangan xorijiy mamlakatlarda nodavlat ta’lim sektorining umumiy o‘rta ta’limdagi ulushi salmoqli bo‘lib, Germaniyada 12 foizni, Fransiyada 17 foizni, AQShda 18 foizni, Buyuk Britaniyada 20 foizni, Ispaniya, Irlandiya va Gollandiyada 30 foizni tashkil etadi.

Hozirgi kunda respublikada 43 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi tegishli litsenziyaga ega bo‘lib, xalq ta’limi tizimidagi 9680 ta maktabga nisbatan ularning ulushi 0,4 foizni tashkil etadi. Nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktablarining aksariyat qismi (27 ta) Toshkent shahrida joylashgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida birorta nodavlat maktabi tashkil etilmagan.

Faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat ta’lim muassasalaridan 20 tasi boshlang‘ich ta’lim (1 — 4-sinflar), qolgan 23 tasi umumiy o‘rta ta’lim (1 — 9-sinflar) bosqichlariga mo‘ljallangan, ulardagi 330 ta sinfda 6 mingga yaqin o‘quvchilar ta’lim-tarbiya oladi (davlat maktablari kontingentiga nisbatan 0,12 foiz).

YUNESKO va “DGP Research & Consulting” konsalting tashkiloti hamkorli�ida jalb etilgan xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan milliy ta’lim tizimini kompleks o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda ta’lim sifatini yaxshilashda raqobat muhitini shakllantirish, bunda xususiy ta’lim sektorini rivojlantirishga ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor qaratish zarurligi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Mavjud muammolarni amaliy bartaraf qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan nodavlat ta’lim muassasalariga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish va avval ajratilgan kreditlar muddatini uzaytirish, ta’lim hamda unga tegishli xizmatlar bo‘yicha barcha soliq turlari to‘lovlaridan 2021-yilgacha ozod etish, fanlarni chet tilida chuqurlashtirib o‘qitish va bu orqali ta’lim sifatini oshirish maqsadida ta’lim jarayoniga xorijlik o‘qituvchi hamda mutaxassislarni keng jalb qilish nazarda tutilgan.

O‘z navbatida, nodavlat ta’lim muassasalariga taklif etilayotgan xorijlik o‘qituvchi va mutaxassislarga viza berish, aviatransport, turarjoy, mehnatiga munosib haq to‘lash hamda soliqlardan ozod qilish kabi masalalar ham o‘z yechimini topgan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan holda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish evaziga -kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) o‘qitish belgilangan.

Bundan tashqari, qarorda o‘rnatilgan tartibda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilariga davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berish huquqi nazarda tutilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazirlik hamda idoralarga nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli tartib va me’yoriy-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish topshiriqlari berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi xalq ta’limi tizimida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish, xorijiy o‘qituvchilarni jalb etish yo‘li bilan aniq hamda tabiiy fanlar, chet tillarni chuqurlashtirib o‘qitishga, bu esa, o‘z navbatida, yoshlarning dunyo mehnat bozorida raqobatdosh va yuqori malakali mutaxassis kadr sifatida jahon hamjamiyatida mamlakatimiz nufuzini oshirishiga, barkamol inson bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi.

Qaror nodavlat ta’lim muassasalari sektori kengayishi, respublikaning har bir tuman va shahridagi fuqarolar ta’lim xizmatlaridan foydalanishda tanlovga ega bo‘lishi, yoshlarga munosib ta’lim-tarbiya berish kabi vazifalarni o‘z zimmasiga oladigan malakali xususiy tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.