09.08.2017 yildagi PQ-3183-son
 LexUZ sharhi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish orqali ularning intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, yoshlarga sifatli ta’lim berish asosida ularni intellektual, estetik va jismoniy barkamol rivojlantirish, ularga ta’lim va tarbiya berayotgan o‘qituvchilarning yuqori malakaga ega bo‘lishini ta’minlash bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlar belgilab berildi.

Bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan globallashuv zamonida yoshlarimizni yot g‘oyalardan asrash, ularda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, fan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy rivojlanish darajasiga mos bilim berish orqali ularni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining o‘rni beqiyosdir.

Hozirgi kunda o‘quvchi yoshlarimiz respublikamizda faoliyat olib borayotgan 15359 ta ta’lim muassasasi, jumladan 4893 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 9680 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 23 ta Mehribonlik uyi, 304 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” markazi, 227 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabida ta’lim-tarbiya olmoqda. Ushbu ta’lim muassasalarida o‘rta maxsus, kasb-hunar kollejlarini, oldingi yillarda bitirgan 97564 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. O‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar Qashqadaryo viloyatida 13048 nafarni, Surxondaryo viloyatida 9447, Samarqand viloyatida 8907, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4835, Toshkent viloyatida 5004, Namangan viloyatida 4653, Xorazm viloyatida 4192, Andijon viloyatida 4260, Buxoro viloyatida 3366, Jizzax viloyatida 1871, Farg‘ona viloyatida 2048, Navoiy viloyatida 1282 nafarni tashkil qiladi.

Umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan 112261 nafar boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisining 41718 nafari (37,2%) o‘rta maxsus ma’lumotli. Jumladan, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining Qashqadaryo viloyatida 9014 nafari (62,1%), Surxondaryo viloyatida 6035 nafari (53,2%), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3144 nafari (41,4%), Samarqand viloyatida 5551 nafari (42,7%) o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar sanaladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan jami 57974 nafar pedagog xodimning 36305 nafari (63%) o‘rta maxsus ma’lumotga ega.

Shu munosabat bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori oliy ta’lim tizimida umumta’lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun zamonaviy o‘qitish usullarini egallagan o‘qituvchilarni tayyorlash orqali ushbu muassasalarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, ularda dars berayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun zarur sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.

Qarorga ko‘ra, ta’lim muassasalarining maktabgacha, boshlang‘ich, musiqa, tasviriy san’at, chet tillari, mehnat ta’limi, jismoniy tarbiya yo‘nalishlari va boshqa fanlar bo‘yicha oliy ma’lumotli o‘qituvchi va tarbiyachilarga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash orqali ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab, 15 ta oliy ta’lim muassasasida pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizning chekka tumanlarida, qishloq joylarida faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarning o‘zlari istiqomat qilayotgan viloyat markazlaridagi oliy ta’lim muassasalarida oliy ma’lumot olishlari uchun sharoit yaratadi.

Oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil qilingan maxsus sirtqi bo‘limlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ehtiyojlari asosida o‘rta maxsus ma’lumotga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga, shuningdek, ushbu ta’lim muassasalarining idoraviy bo‘ysinuviga muvofiq tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lgan pedagog kadrlar hisobidan amalga oshiriladi.

Qarorning e’tiborli jihatlaridan yana biri maxsus sirtqi bo‘lim talabalariga qator imtiyozlar berilishi bilan bog‘liq. Jumladan, sirtqi bo‘limda o‘qiyotgan talabalarga imtihonlar, sinovlar topshirish, diplom, kurs, laboratoriya va boshqa o‘quv ishlarini bajarish vaqtida ularning asosiy ish joyida oylik maoshlari saqlangan holda bir o‘quv yilida ikki marta bir oydan o‘quv ta’tili beriladi. Bunda o‘quv ta’tillari, qoida tariqasida, umumta’lim muassasalaridagi qishki va yozgi ta’til vaqtiga to‘g‘ri kelgan davrda beriladi va ularga belgilangan tartibdagi yillik mehnat ta’tillarini berish tartibi ham saqlab qolinadi.

Maxsus sirtqi bo‘limga qabul qilishda tavsiyanoma beruvchi vazirlik yoki idora, oliy ta’lim muassasasi va talaba o‘rtasida o‘qishni yakunlagandan keyin tavsiyanoma bergan tashkilot yo‘llanmasida ko‘rsatilgan ish joyida (ta’lim muassasasida) besh yildan kam bo‘lmagan muddatda ishlab berish majburiyati bilan uch tomonlama shartnoma tuzilishi nazarda tutilgan.

Ushbu qarorda pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etiladigan oliy ta’lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot berish sirtqi ta’lim shaklida tashkil etilishi, bunda ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-kursidan (o‘quv rejalardagi fanlar farqidan qat’iy nazar) kamida 3 yil muddat etib belgilandi.

Ta’kidlash joizki, 2017/2018 o‘quv yili uchun maxsus sirtqi va sirtqi ta’lim shaklidagi o‘quv jarayoni, istisno tariqasida, joriy yilning 1-oktabridan boshlanadi.

Qarorga muvofiq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti maxsus sirtqi bo‘lim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlari, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotl�rni yaratish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi etib belgilandi. Uning huzurida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlar tashkil etilgan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv-metodik faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyat yuritadi. Shuningdek, Qarorda Muvofiqlashtiruvchi kengashning pedagog kadrlar tayyorlash mazmunini zamonaviy talablarga uyg‘un rivojlantirishni ta’minlash bilan bog‘liq asosiy vazifalari belgilab berildi.

Tegishli vazirlik va idoralarga 2017/2018 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining maxsus sirtqi bo‘limiga 1-kursga talabalarni qabul qilishni yuqori saviyada va adolatli o‘tkazishni ta’minlash, ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv reja va fan dasturlarini tasdiqlash, ularga muvofiq fanlarni o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish topshirildi.

Shuningdek, pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarda dars berish uchun yuqori salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish bilan bog‘liq alohida vazifalar qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi umumta’lim maktablari, maktabgacha va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining yuqori malakali pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash bilan bir qatorda pedagogik faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli yoshlarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu, o‘z navbatida, pedagoglik kasbining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, jumladan yoshlarni tizimli asosda o‘qituvchilik kasbiga yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Mazkur qaror mamlakatimiz uzluksiz ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarimizni ma’naviy barkamol, bilimli, intellektual rivojlangan bo‘lib yetishishlarini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarga yangi kuch bag‘ishlaydi.