Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, keyingi vaqtlarda respublikada bozorlar faoliyatini tartibga soluvchi zarur me’yoriy-huquqiy baza yaratildi, ularni tartibga keltirish, iste’molchilarning huquqini ta’minlash, shuningdek, bozorlarda savdoni tashkil etishni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Biroq shunga qaramay, bozorlarda hamon sotuvchilarning faoliyati va xaridorlar uchun maqbul sharoitlar yaratilmagan, olib-sotarlarga qarshi kurash olib borilmayapti, belgilangan sanitariya normalari va qoidalariga zarur darajada rioya qilinmayapti, noqonuniy yig‘imlar undirilishiga yo‘l qo‘yilmoqda, ko‘pchilik hollarda bozorlar hududida mahsulotlarning sifati va iste’mol xususiyatlarini aniqlaydigan laboratoriyalar mavjud emas, bozorlarning rahbarlarini vijdonli va sofdil mutaxassislardan tanlash ishlari bo‘shashtirib yuborilgan.
Respublikaning bir qancha tumanlari va shaharlari hokimlari bozorlar faoliyatini takomillashtirishga, savdo uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashga, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirishga zarur e’tibor bermayaptilar, yangi savdo o‘rinlari tashkil etish va ularning moddiy bazasini mustahkamlashda zarur tashabbus ko‘rsatmayaptilar.
Bularning barchasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan zarur nazoratning yo‘qligi oqibatida kelib chiqqan.
Bozorlarda savdoni tashkil etishni tartibga solish va uning tizimini takomillashtirish, ularning moddiy bazasini mustahkamlash, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning ushbu mahsulotlarni keltirish, saqlash va sotishlari uchun ularga shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar Hamza tumani (Muhammadxo‘jayev) va Samarqand shahar Siyob tumani (Rafiqov) hokimlari bozorlar faoliyatini tashkil etish va ular ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha qoniqarsiz ishi uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilinsin.
Toshkent shahar Shayxontohur tumani (Odilov), Jizzax viloyati Zomin tumani (Soibnazarov), Buxoro shahar (Kamolov) hokimlariga bozorlar ishiga rahbarlik qilish ishlari bo‘shashtirib yuborilgani uchun hayfsan e’lon qilinsin.
Toshkent shahrining Sobir Rahimov (Toshpo‘latov), Chilonzor (Qosimov), Yakkasaroy (Mirqosimov) tumanlari, Qarshi (Qorayev), Urganch (Yusupov), Ohangaron (Rasulov), Yangiyo‘l (Qoraboyev) shaharlari hokimlariga bozorlarni nazorat qilish bo‘shashtirib yuborilganligi va bozorlar hududida zarur tartib ta’minlanmaganligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilsin.
Yuqorida sanab o‘tilgan tumanlar va shaharlar hokimlari bozorlar ishini tubdan yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rilmagan taqdirda ularga nisbatan egallab turgan lavozimlaridan ozod qilishgacha bo‘lgan javobgarlikning qat’iy choralari qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilsinlar.
Bozorlarning zarur darajada ishlashini tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik respublika shaharlari va tumanlari hokimlari zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligining hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda bir oy muddatda bozorlar faoliyatidagi mavjud nuqsonlarni, ularning aksiyalari paketlari amalda joylashtirilishini, dividendlar to‘lanishini, olingan daromadlar shakllantirilishi va ulardan maqsadli foydalanilishining to‘g‘riligini o‘rganib chiqsinlar hamda kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilasinlar;
o‘rganib chiqish natijalari bo‘yicha 2000-2001-yillarda har bir bozorning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash dasturini ishlab chiqsinlar. Dasturni ishlab chiqishda har bir dehqon bozorining chegarasini aniq belgilash, avtotransport to‘xtash joylarini tashkil etish uchun zarur maydonlar ajratilishi, bozorlar hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tushirish va yuklash uchun maxsus maydonlar tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini keltirish bo‘yicha kompleks pulli xizmatlar ko‘rsatish masalalari hal etilishiga alohida e’tibor bersinlar;
dehqon bozorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘siqsiz keltirilishini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsuloti ortilgan avtomashinalar bozorlar hududiga kirganligi uchun haq undirmasinlar;
dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ulgurji xarid qilish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan shartnomalar tuzish, shu jumladan, fyuchers shartnomalari tuzish bo‘yicha tashkil etilgan savdo-xarid korxonalari ishini faollashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsinlar;
ikki oy muddatda bozorlarning rahbar xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazsinlar, uning natijalariga ko‘ra bozorlarning nomunosib va o‘z obro‘sini to‘kkan rahbarlarini egallab turgan lavozimlaridan qat’iyan ravishda bo‘shatsinlar, bunda ularning bozorlar ma’muriyati tarkibidagi boshqa lavozimlarda qolishiga yo‘l qo‘ymasinlar;
bir martalik yig‘imni va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni undirib oluvchi turg‘un punktlarning zarur darajada ishlashini ta’minlasinlar, bunda har 500 sotuvchiga (savdo o‘rniga) bitta punkt to‘g‘ri kelishi, shuningdek, ularning kassa apparatlari bilan ta’minlanganligi nazarda tutilsin,
“O‘zavtotrans” korporatsiyasi hududiy tashkilotlari va “Toshshaharyo‘lovchitrans” uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati bosh boshqarmasining hududiy organlari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dehqon bozorlariga yetkazishning mavjud yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqsinlar va zaruriyat bo‘lganda buning uchun qulay bo‘lgan yo‘lovchi tashish va yuk avtotransportlari qatnovining yangi yo‘nalishlarini tashkil etsinlar.
Ushbu bandni bajarish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida 2000-yil 15-iyulgacha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
3. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bevosita ularni yetishtiruvchilar tomonidan dehqon bozorlariga belgilangan tartibda tashib keltirilishi va sotilishi borasida biron-bir cheklashlar taqiqlansin. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ularni yetishtiruvchilar tomonidan bozor hududiga erkin tashib keltirilishiga va sotilishiga to‘sqinlik qiluvchi bozorlarning mansabdor shaxslari qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortilishgacha javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qo‘yilsinki, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslar tomonidan respublika tashqarisiga chiqarish bojxona organlariga mahsulotni olib ketuvchi shaxs pasportini, yukning bojxona deklaratsiyasini va fitosanitariya sertifikatini ko‘rsatgan holda amalga oshiriladi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bozorlar barcha daromadlarining, shu jumladan, bir martalik yig‘imning va ko‘rsatilgan xizmatlar haqining to‘liq tushishi, shuningdek, daromadlar tegishli qismining mahalliy budjetlarga o‘z vaqtida ajratilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni tashuvchi avtotransport respublikaning butun hududi bo‘ylab erkin harakatlanishini ta’minlasin. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tashiyotgan avtotransportning erkin harakatlanishiga noqonuniy to‘sqinlik qiluvchi mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qat’iy javobgarlikka tortilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdavstandart” markazi bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
bozorlar hududida belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni ta’minlasin;
dehqon bozorlari hududiga keltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati va iste’mol xususiyatlarining belgilangan talablarga muvofiqligi ustidan doimiy nazoratni tashkil etsin;
bir oy muddatda bozorlardagi barcha nazorat-o‘lchov vositalarini xatlab chiqsin hamda ular huzurida ishlab turgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini aniqlash bo‘yicha laboratoriyalarni attestatsiyadan o‘tkazsin va ularning texnologik jihozlanganligini yaxshilash chora-tadbirlarini ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va savdo kompleksi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat mulki qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda bozorlar faoliyatini tartibga soluvchi normalarni xatlovdan o‘tkazsinlar, respublikada bozorlar tashkil qilishni, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni va ular faoliyatini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqsinlar, Hukumat qarorlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsinlar.