Тизимнинг ушбу имкониятидан фойдаланиш учун Сиз авторизация қилинишингиз керак!
Рўйхатдан ўтишни хоҳлайсизми? Ёки тизимга ўз логинингиз билан кирасизми?

Авторизация қилиш Рўйхатдан ўтиш

Hujjat 26.04.2017 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi

Ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan samarali foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarda tozalikni saqlash va ularni obodonlashtirish bunday uylarda yashaydigan aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda muhim hayotiy omillardan biri sanaladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda tarkibiy islohotlarning mustahkam me’yoriy-huquqiy bazaga tayangan holda izchil amalga oshirilayotgani uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishning mutlaqo yangi tizimini tashkil etish imkonini bermoqda.

Keyingi 5 yilda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish, ko‘p xonadonli uy-joy fondini kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha qabul qilingan qarorlar asosida ko‘p xonadonli uylarning tomi, podval inshootlari, fasad, podyezd, lift va irrigatsiya tarmoqlari, shuningdek, yo‘laklarni betonlashtirish hamda uy-joylar atrofidagi hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish masalalarini o‘z ichiga olgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Hozirgi paytda mamlakatimizda 4 mingdan ziyod xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan 32,4 mingdan ortiq ko‘p xonadonli uyga xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu tarmoqda olib borilayotgan ishlar tahlili xususiy uy-joy mulkdorlarining ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash borasidagi faoliyatida hal etilmagan qator muammolar borligini ko‘rsatmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rtasida kompleks yondashuv hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmi shakllanmaganini qayd etish zarur.

Ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash borasida ta’sirchan nazorat o‘rnatilmagan, ko‘p hollarda undan texnik foydalanish va aholining xavfsiz yashashini ta’minlash borasidagi me’yor va talablar buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Ko‘p xonadonli uylarda ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘tkazishning qoida va muddatlariga rioya etilmayapti, bu esa, tabiiyki, aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan oqilona foydalanish, ta’mirlash-tiklash ishlarini belgilangan muddatlarda olib borish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.

Qarorda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilarni nazarda tutadi:

aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ko‘p xonadonli uylarda joylashgan xonadonlardagi muhandislik-kommunikatsiya tizimi va umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarni o‘z vaqtida va sifatli ta’mirlash, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish, u yerlarda bolalar va sport maydonchalarini barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bozorini rivojlantirish imkonini beradigan uy-joy kommunal xo‘jaligini boshqarishning ta’sirchan vertikal tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

uy-joy kommunal soha tashkilotlari, xususan, ta’mirlash-tiklash xizmatlarining moddiy-texnik bazasini yaratish va mustahkamlash, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash.

Qarorga muvofiq, 2017 — 2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini ta’mirlash, obodonlashtirish va undan foydalanish sharoitlarini yaxshilash dasturi tasdiqlandi. Ushbu Dasturda �o‘p xonadonli uy-joy fondining umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarini kapital va joriy ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirish, lift uskunalarini ta’mirlash va almashtirish, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta’mirlash tizimini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar belgilandi.

Qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘z mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari kreditlari, shuningdek, lizing hisobidan 1,8 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur Dasturni amalga oshirishda “O‘zsanoatqurilishbank” aksiyadorlik tijorat banki uy-joy kommunal sohasiga qarashli tashkilotlarni moliyalashtirishni ta’minlaydigan vakolatli bank etib belgilandi.

Dasturni amalga oshirish doirasida tijorat banklariga “Ta’mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonasi va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga imtiyozli kreditlar ajratish tavsiya etildi.

Shuningdek, mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzurida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga shartnoma asosida buxgalterlik hisobini yuritish, konsalting xizmatlar ko‘rsatish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridan majburiy badallar yig‘ish xizmatlarini ko‘rsatadigan “Yagona hisob-kitob markazi” va shahar hamda tumanlarda uning filiallarini tashkil etish nazarda tutilgan.

Qaror bilan shunday tartib o‘rnatilmoqdaki, unga ko‘ra:

ko‘p xonadonli uy-joy fondi umumiy mulki va unga tutash hududlarni saqlash uchun turarjoy va noturarjoy binolar mulkdorlarining majburiy badallari miqdori O‘zbekiston �espublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi har yili tasdiqlaydigan eng kam miqdordan kam bo‘lmagan hajmda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan belgilanadi;

xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining raisi “Kommunalo‘quv” o‘quv-uslubiy markazi” davlat unitar korxonasida o‘qigani to‘g‘risida tegishli sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i bilan kelishilgan holda saylanadi, shuningdek, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari a’zolarining umumiy yig‘ilishi qarori asosida tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘ining taqdimnomasiga ko‘ra lavozimidan ozod etiladi.

Qarorning amalga oshirilishi quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:

birinchidan, bu qaror ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini va undan maqsadga muvofiq holda foydalanishni tubdan yaxshilash, ta’mirlash-tiklash ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;

ikkinchidan, aholining rivojlangan infratuzilmaga ega bo‘lgan ko‘p xonadonli uy-joy fondida yashashi uchun har jihatdan qulay sharoit yaratish;

uchinchidan, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlaydi.


Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing.

© O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Adolat” нuquqiy axborot markazi”