29.07.2016 yildagi 12-son
Hujjat kuchini yo‘qotgan 25.10.2019
 LexUZ sharhi
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga asosan har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Murojaat Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda, ilova qilinadigan hujjatlar bilan birgalikda sudga bevosita qabulda topshirilishi, pochta aloqa xizmati yoxud axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilishi mumkin.
2. Arizani qabul qilishni rad etish va fuqarolik ishi yuzasidan ish yuritishni tugatishda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 152, 100-moddalarida ko‘rsatilgan asoslarga rioya qilish lozimligiga, shu bilan birga ushbu asoslar ham tugal emasligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
Xususan, Oila kodeksining 39-moddasida xotinining homiladorlik vaqtida va bola tug‘ilganidan keyin bir yil mobaynida er xotinining roziligisiz nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga haqli emasligi belgilangan. Bunday holatlarda sud arizani qabul qilishni rad etishi, agar ariza qabul qilingan taqdirda ish yuritishni tugatishi lozim.
Sudyaning Fuqarolik protsessual kodeksining 152-moddasi 5 — 7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha arizani qabul qilishni rad etishi yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf qilingach, shu ish bo‘yicha sudga umumiy tartibda ariza bilan takroran murojaat etishga to‘sqinlik qilmaydi.
Sudlar javobgar tomonidan keltirilgan qarshi da’voni qabul qilishda Fuqarolik protsessual kodeksining 247-moddasi talabidan qat’i nazar, arizani qabul qilish uchun ushbu Kodeksning 152-moddasida ko‘rsatilgan asoslar monelik qilmasligi va ariza Fuqarolik protsessual kodeksining 149-150-moddalari talablariga rioya qilingan holda berilganligiga e’tibor qaratishlari lozim.
6. Fuqarolik protsessual kodeksining 97-moddasi 1 va 2-bandlariga muvofiq, muomalaga layoqatsiz shaxs, shuningdek, ish yuritishga vakolati bo‘lmagan shaxs tomonidan berilgan ariza ko‘rmasdan qoldirilishi lozim.
7. Arizani ko‘rmasdan qoldirishda Fuqarolik protsessual kodeksining 97-moddasida ko‘rsatilgan asoslarga rioya qilish lozimligi, lekin bu asoslar ham tugal emasligi sudlarga tushuntirilsin.
Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksining 282-moddasi talabiga ko‘ra, alohida tartibda yuritiladigan ishni ko‘rish vaqtida agar sudga taalluqli huquq to‘g‘risida nizo kelib chiqsa, sud arizani ko‘rmasdan qoldirib, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga umumiy tartibda da’vo taqdim etishni taklif qilishi lozim.
8. Arizani Fuqarolik protsessual kodeksining 97-moddasi 4 va 5-bandlari asosida ko‘rmasdan qoldirishda ishda taraflarga sud chaqiruv qog‘ozi topshirilganligi haqidagi ma’lumot mavjud bo‘lib, ular sud majlisiga uzrli sabablarga ko‘ra kela olmaganliklarini tasdiqlovchi dalillar taqdim qilmagan taqdirdagina yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Sudlarga tushuntirilsinki, arizani ko‘rmasdan qoldirishga faqat Fuqarolik protsessual kodeksining 97-moddasi va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Ariza sud tomonidan asossiz ko‘rmasdan qoldirilgan har qanday holatga yuqori sud tegishli munosabat bildirishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonuni 11-moddasi 1-qismiga asosan hakamlik bitimi mavjud bo‘lgan taqdirda, nizo hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirilishi mumkin. Agar taraflar o‘rtasida ushbu nizoni hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirish haqida hakamlik bitimi mavjudligi aniqlansa, hakamlik sudiga ariza topshirilgan-topshirilmaganligidan qat’i nazar, sud ish yuritishni tugatib taraflarga hakamlik sudiga murojaat qilish huquqini tushuntiradi.
Taraflardan birining vafotidan so‘ng Fuqarolik protsessual kodeksining 43-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lmay, nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yo‘l qo‘ymasa, ish yuritish tugatilishi lozim.
11. Fuqarolik protsessual kodeksining 152 va 97-moddalari asosida arizani qabul qilishni rad etish yoki arizani ko‘rmasdan qoldirish haqidagi sud ajrimi manfaatdor shaxslarning xususiy shikoyatlari (protestlari)ga muvofiq bekor qilingan taqdirda, ish mazmunan hal qilinmaganligini inobatga olgan holda, ilgari ajrim chiqargan sudya ishni qaytadan ko‘rishi mumkin.
Arizani qabul qilishni rad etish, arizani ko‘rmasdan qoldirish yoki ish yuritishni tugatish masalalarini hal qilish bilan birgalikda Fuqarolik protsessual kodeksining 108-moddasi 1-qismi 2 — 5-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, arizachiga to‘langan davlat boji to‘liq qaytarilishi ta’minlanishi shart. Davlat bojini qaytarish masalasini hal qilishda Soliq kodeksining 342-moddasi talablariga rioya qilinishi kerak.