Norasmiy tarjima
Qirq soatlik ish haftasi toʻgʻrisidagi
Konvensiya
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi, Jenevada 1935-yilning 4-iyunida oʻzining Oʻn toʻqqizinchi Sessiyasiga toʻplanib, ish vaqtini qisqartirish toʻgʻrisidagi masala Sessiya kun tartibining oltinchi bandi boʻlganini eʼtiborga olib, ishsizlik shu kadar keng miqyos olganligini va shunchalik uzoq vaqt davom etayotganini, hozirgi vaqtda jahon boʻyicha millionlab mehnatkashlar qiyinchilik va qashshoqlikdan azob chekayotganini va buning uchun ular javobgar emasliklarini hamda ular bu azoblardan xalos boʻlish uchun qonuniy huquqqa ega ekanini eʼtiborga olib, mehnatkashlar zamonaviy sanoatga xos boʻlgan texnika taraqqiyoti samarasidan imkon boricha amalda foydalana olishi maqsadga muvofiqligini eʼtiborga olib, Xalqaro Mehnat Konferensiyasining Oʻn sakkizinchi va Oʻn toʻqqizinchi sessiyalarida qabul qilingan rezolyutsiyalarning amalga oshirilishida ish turlarining barcha shaklarida ish vaqti muddatini imkon qadar qisqartirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning davom ettirilishi zarurligini eʼtiborga olib, bir ming toʻqqiz yuz oʻttiz beshinchi yil iyun oyining yigirma ikkinchi kunida quyidagi “Qirq soatlik ish haftasi toʻgʻrisidagi 1935-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qiladi:
1-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Xalqaro Mehnat Tashkilotining har bir aʼzosi quyidagilarni maʼqullashini bildiradi:
a) qirq soatlik ish haftasi prinsipini va u shunday qoʻllanilishi kerakki, natija mehnatkashlar turmush darajasining pasayishiga olib kelmasligi darkorligini; va
b) shu maqsad himoyasi uchun maqbul hisoblanadigan chora-tadbirlar koʻrilishini yoki tadbirlarga yordam berishni; va shu prinsipni ish turlarining turli toifalariga nisbatan (Tashkilotning mazkur aʼzosi tomonidan ratifikatsiya qilinishi mumkin boʻlgan) ayrim konvensiyalarning batafsil qoidalariga muvofiq koʻllash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
2-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
3-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining aʼzolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning xar bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
4-modda
Xalqaro Mehnat Tashkiloti ikki aʼzosining ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari roʻyxatga olinishi bilan, Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori bu haqda Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi. Bosh direktor, shuningdek, keyinchalik Tashkilotning boshqa aʼzolari tomonidan yuboriladigan ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarning roʻyxatga olinganligi haqida Tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
5-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning aʼzosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan oʻn yil oʻtganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin boʻladi.
6-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini koʻrib chiqadi.
7-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman 1 qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning oʻz kuchi bilan, 5-modda qoidalaridan qatʼiy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi toʻxtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, har qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolari uchun amaldagi shakli va mazmuni oʻz kuchida qolaveradi.
8-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.
(imzolar)