LexUZ sharhi
Mazkur shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 29-dekabrdagi 1010-XII-sonli “O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi Qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish istagidan kelib chiqib,
o‘z munosabatlarini ishonch asosida va umuminsoniy qadriyatlar, ozodlik, demokratiya va adolat prinsiplariga rioya qilib qurishga qat’iy ishonib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsadlari va prinsiplariga asoslanib, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashining Xelsinki yakunlovchi Akti va yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi yuzasidan qabul qilgan majburiyatlarni tasdiqlab,
o‘zbek-fransuz hamkorligining yanada rivojlanishi Yevropa va Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini anglagan holda,
Yevropa ittifoqini tuzish istiqbolini va uning yakdil va tinch Yevropa qurilishida hissasini inobatga olgan holda,
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘z munosabatlarini bir-birlarini suveren va teng davlatlar sifatida ko‘rib, ularni do‘stlik, o‘zaro ishonch va barcha sohalarda yaqin hamkorlik ruhida quradilar.
Ikkala tomon, ushbu Shartnoma qoidalarini amalga oshirish uchun zarur hollarda boshqa bitimlar tuzish haqida kelishdilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama asoslarda siyosiy hamkorlikni amalga oshiradilar.
Umuminsoniy ozodlik va demokratiya qadriyatlarini tan olib, asosiy erkinliklar, inson huquqlarini himoya qilish uchun, xususan, xalqaro vakolatli tashkilotlar doirasida hamkorlik qiladilar.
Xalqaro xavfsizlikni o‘rnatish, nizolarning oldini olish, davlatlararo munosabatlarda xalqaro huquq ustuvorligini ta’minlash uchun harakat qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha fikrlar almashish uchun, shuningdek, ikkala tomonni qiziqtiruvchi xalqaro muammolar, xususan, Yevropada hamkorlik va xavfsizlik masalalari yuzasidan tegishli darajada muntazam maslahatlar o‘tkazib turadilar.
Tomonlar bu masalalarda mumkin qadar yondoshishlarini yaqinlashtirishga va agar lozim topsalar, birgalikda yoki muvofiqlashtirilgan harakat qiladilar.
Shu maqsadlarda tomonlarning roziligi bilan oliy darajadagi uchrashuvlar tashkil qilinadi, Tashqi ishlar vazirlari esa yiliga kamida bir martadan uchrashib turadilar.
Ikkala davlat Tashqi ishlar vazirligi vakillari o‘rtasidagi ishchi kengashlar zaruratga qarab o‘tkaziladi.
Ikkala davlatning hukumati vakillari o‘zaro qiziqtiruvchi masalalarni muhokama qilish uchun zaruratga qarab uchrashib turadilar.
Agar tomonlardan birining fikriga ko‘ra, tinchlikka tahdid soluvchi, tinchlikni buzuvchi yoki xavfsizlikning oliy manfaatlariga xavf yetkazuvchi holatlar paydo bo‘lsa, bir Tomon boshqa Tomonga ushbu masala yuzasidan ular o‘rtasida zudlik bilan maslahatlar o‘tkazishni talab qilib, murojaat qilishi mumkin. Tomonlar ushbu vaziyatni echishga zarur vositalarni aniqlash yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiquvchi choralar ko‘radilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ular a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar doirasida, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotida, lozim topsalar, o‘z yondashuvlarini muvofiqlashtirib turish va shu tashkilotda belgilangan harakatlarni samarali amalga oshirish maqsadida maslahatlashib turadilar.
Fransiya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Hamjamiyatlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishni rag‘batlantirish majburiyatini oladi.
Fransiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama tuzilgan bitimlar doirasida olgan majburiyatlari Yevropa Hamjamiyatining bitimlarini va ularni amalga oshirish borasida qabul qilingan hujjatlarini hurmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashi doirasida hamkorlik qiladilar.
Tomonlar barqarorlikni, xavfsizlik va Yevropa qit’asida huquqiy davlatni ta’minlash borasida o‘z institutlarini mustahkamlash uchun, xususan, huquqiy sohada, birgalikda harakat qiladilar.
Ular, xususan, nizolarning oldini olishga yordamlashuvchi muhim prinsiplarni amalga oshirishni rag‘batlantiradilar.
Fransiya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi umumiy xavfsizlik va yagona tashqi siyosatni amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi, Yevropa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkonini beruvchi va qit’ada hamda butun dunyoda barqarorlik ishiga hissa qo‘shuvchi Yevropa ittifoqi tuzilishining muhimligini ta’kidlashadi.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi qurolsizlanish bo‘yicha bitimlarning Yevropada va butun dunyoda barqarorlikni ta’minlashda katta hissasini ta’kidlab, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashi doirasida qurolsizlanish jarayonini, ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash va nizolarning oldini olishni xavfsizlik bo‘yicha anjumanlar doirasida qo‘llab-quvvatlaydilar.
Tomonlar ommaviy qirish qurollarini tarqatishning oldini olish yuzasidan o‘z choralariga alohida ahamiyat berib, shu maqsadlarda xalqaro instansiyalarda kelishilgan holda yo‘l tutadilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi harbiy sohada aloqalarni rivojlantiradilar va chuqurlashtiradilar. Shu maqsadda Tomonlar muntazam ravishda o‘z harbiy konsepsiyalari bo‘yicha fikr almashib turadilar.
Ular Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari, shuningdek ikkala davlatning qurolli kuchlari bosh shtablari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantiradilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi qishloq xo‘jalik, energetika, mineral resurslar, sanoat, transport va telekommunikatsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga birinchi darajada ahamiyat beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ijtimoiy, iqtisodiy sohada kadrlar tayyorlashda hamkorlikni rivojlantiradilar.
Har qaysi Tomon o‘z hududida boshqa Tomonning korxonasi faoliyatining sharoitini yaxshilash uchun, xususan, to‘g‘ri sarmoyalar va qo‘yilgan mablag‘larni himoyalash sohasida harakat qiladilar.
Tomonlar iqtisodiy axborotni keng almashishni rag‘batlantiradilar va ikkala davlatning ishbilarmon kishilari va fan vakillari uchun ushbu axborotga yo‘l ochilishini ta’minlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasida o‘zaro manfaatlarini himoya qilgan va boshqa davlatlar bilan kelishilgan holda hamkorlik qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikki davlat parlamentlari o‘rtasida hamkorlikka keng yo‘l ochib beradilar.
Tomonlar ikkala davlatning shaharlar va mintaqalari o‘rtasidagi to‘g‘ri aloqalarni, xususan, ushbu Shartnomaning qoidalariga muvofiq holda shaharlarning birodarlashuvini ham rag‘batlantiradilar.
Tomonlar ikki mamlakatning siyosiy, jamoat, kasaba tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni osonlashtiradilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ta’lim, madaniyat, fan, texnika va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni mustahkamlaydilar.
Madaniy, ilmiy-texnikaviy hamkorlikning prinsiplari Tomonlar o‘rtasidagi alohida Bitimda ifodalanadi.
Har bir Tomon o‘z xalqlarini boshqa Tomonning ilmiy-texnikaviy, madaniy yutuqlari bilan tanishtirishga harakat qiladi, shu maqsadlarda, xususan, boshqa Tomonning kitoblari va bosma nashrlarini tarqatishni osonlashtiradi.
Tomonlar barcha qiziqqan shaxslarga boshqa Tomonning til, madaniyat, adabiyot va tarixini o‘rganish imkoniyatlarini yaratib berishga harakat qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi bilan Fransiya Respublikasi xalqlari o‘rtasida o‘zaro tushunishni yanada yaxshilashni ta’minlash maqsadida Tomonlar ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
Tomonlar ikkala mamlakat fuqarolari, xususan, o‘zbek va fransuz yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantiradilar.
Tomonlar hamkorlikning va madaniyat, fan va texnika sohalarida o‘zaro almashishning yo‘nalishlarini belgilagan va ularni ro‘yobga chiqarishning amaliy tadbirlarini vakolatli vakillari ishtirokida aniqlagan umumiy loyihalarni muntazam ravishda ishlab chiqishga kirishadilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi atrof muhitni himoyalashning muhimligini anglagan holda, bu sohada yaqindan hamkorlik qiladilar va Yevropa hamda xalqaro miqyosda birgalikdagi harakatlarini rivojlantirishga intilish majburiyatini oladilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi konsullik ishlari sohasida o‘z hamkorligini boshlaydilar va rivojlantiradilar. Tomonlar o‘z fuqarolarining ikki davlat o‘rtasida borish-kelishlarini yaxshilash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratib beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikkala mamlakatning huquqiy muhofaza qiluvchi idoralari o‘rtasidagi, xususan, fuqarolik huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikka ko‘maklashadilar.
Tomonlar, milliy xavfsizlik idoralari, xususan, Interpol doirasida, uyushgan jinoyatchilikka, narkotiklarni noqonuniy tarqatishga va kontrabandaga, shuningdek, san’at asarlarini norasmiy olib o‘tishga qarshi kurashda hamkorlikni uyushtiradilar. Ular xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida tegishli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qiladilar.
Ushbu Shartnomaning qoidalari Tomonlarning uchinchi mamlakatlar oldida olgan majburiyatlariga daxl qilmaydi va ularga qarshi qaratilmagan.
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashgan kundan 30 kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma 10 yil muddatga tuzildi va keyingi har besh yillik muddatga avtomatik ravishda uzayadi. Tomonlardan har biri ushbu Shartnomani istagan vaqtda boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma tarzda xabardor qilib, bekor qilishi mumkin.