Davlat va huquqni muhofaza qilish organlarida ishlash uchun yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlashni yanada yaxshilash, shuningdek bozor iqtisodiyoti sharoitida jumhuriyat xalq xo‘jaligini ular bilan ta’minlash maqsadlarida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1991-yil 10-avgustdan e’tiboran O‘zbekiston SSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining V.I.Lenin nomidagi ToshDU huzuridagi yuridik instituti negizida, O‘zSSJ Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazgan holda, Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etilsin.
Jumhuriyatda yuridik kadrlar tayyorlash, davlat, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilish sohalarida ilmiy tadqiqotlarning hamda ilmiy-amaliy ishlanmalarning sifat jihatidan yangi va samarali tizimini yaratish bo‘yicha O‘zSSJ Adliya vazirligi bilan yuridik instituti o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar haqida 1991-yil 5-avgustda shartnoma tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zSSJ Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bir oy muddat ichida V.I. Lenin nomidagi ToshDU huzuridagi yuridik institutining foydalanishida bo‘lgan asosiy fondlar, oborot mablag‘lar, binolar, o‘quv korpuslari, yotoqxonalar va ularga yondosh bo‘lgan hududlar va boshqa mulklar O‘zSSJ Adliya vazirligiga o‘tkazilsin.
3. O‘zSSJ Adliya vazirligi bir oy muddat ichida institutning nizomini, tuzilishini hamda shtatlari ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. O‘zSSJ Moliya vazirligi Toshkent davlat yuridik institutini mablag‘ bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqsin va hal qilsin.
5. O‘zSSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 29-martdagi 73-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.