LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1. O‘zbekiston Respublikasining hududida 1994-yilning 1-martidan boshlab:
ish haqi o‘rta hisobda 1,5 baravar oshirilsin va ish haqining eng oz miqdori oyiga 45.000 so‘m-kupon miqdorida;
fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 45.000 so‘m-kupon miqdorida;
hozir amalda bo‘lgan barcha turdagi pensiyalarning miqdorlari 1,5 baravar oshirilib, mehnat pensiyasining eng oz miqdori oyiga 48. 675 so‘m-kupon qilib belgilansin.
2. Oliy o‘quv yurtlari talabalarining, texnikumlar va hunar-texnika bilim yurtlari o‘quvchilarining stipendiyalari o‘rta hisobda 2,3 baravar ko‘paytirilib, ayni vaqtda tushlik ovqatlarning har oylik pul kompensatsiyalari bekor qilinsin.
3. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, budjetdan pul bilan ta’minlanadigan tashkilotlar va muassasalar, O‘zbekiston Respublikasining Ijtimoiy ta’minot vazirligi ushbu Farmonda belgilangan eng oz ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda mehnatga haq to‘lashning yagona tarif stavkasi razryadlariga muvofiq pensiyalar, stipendiyalarning va xodimlar mansab okladlarining miqdorlari o‘z vaqtida qaytadan hisoblab chiqilishini ta’minlasinlar.
4. Budjetdan pul bilan ta’minlanadigan muassasalar va tashkilotlar xodimlarining ish haqini, pensiyalar va stipendiyalarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlar respublika davlat budjeti va Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
5. Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlarga mazkur Farmonga muvofiq mehnat haqini daromad manbalari qidirib topilishiga qarab, daromad manbalari vaqtincha yetishmay qolgan taqdirda esa bank muassasalari aniq maqsad uchun beradigan kreditlar hisobidan oshirish tavsiya qilinsin.
6. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasiga yuklatilsin.