LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 24-avgustdagi 25-sonli “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Apellatsiya tartibida ish yuritish jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning muhim ko‘rinishi hisoblanadi.
Ushbu institut amalga kiritilgan vaqtdan boshlab olib borilgan sud amaliyotini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, sudlar tomonidan ishlarni apellatsiya tartibida ko‘rishga doir jinoyat-protsessual qonuni normalari asosan to‘g‘ri qo‘llanilmoqda.
Shu bilan birga, sud amaliyotida qonunning ayrim normalarini qo‘llash yuzasidan qo‘shimcha tushuntirishlar berilishini taqozo etuvchi savollar tug‘ilmoqda.
Shu munosabat bilan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, apellatsiya instansiyasi sud qarorlari ustidan shikoyat berish huquqini, sud xatolari o‘z vaqtida tuzatilishi va jinoyat protsessi ishtirokchilari huquqi himoya qilinishini ta’minlash vositalaridan biri hisoblanadi.
2. Jinoyat-protsessual kodeksi 4972-moddasiga muvofiq apellatsiya tartibida ish yuritish mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati, shuningdek, prokuror yoki uning o‘rinbosarining protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.
Apellatsiya tartibida ish yuritish, JPK 4979-moddasining to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda, boshqa shaxslar tomonidan ham qo‘zg‘atilishi mumkin.
Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest)ni qabul qilish paytida apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart.
3. Qonunga ko‘ra apellatsiya shikoyati (protesti) hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa, ularga hukm nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shunday muddat ichida hukm chiqargan sud orqali beriladi.
Belgilangan muddatlarda bevosita apellatsiya instansiyasi sudiga berilgan shikoyat (protest) JPK 4977-moddasi hamda 479-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari talablarini bajarish uchun hukm chiqargan sudga yuborilishi kerak.
Har bir apellatsiya shikoyati (protesti) u kelib tushgan sana ko‘rsatilgan holda ro‘yxatga olinishi shart.
4. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma sud tomonidan JPK 4975-moddasi birinchi qismiga muvofiq ko‘rib chiqiladi va bu haqda ajrim chiqariladi.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan JPK 4979-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq o‘n sutka ichida xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat berilganda, apellatsiya instansiyasi sudi shikoyatni asosli deb topsa, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklaydi va ishni apellatsiya shikoyati, protesti (xususiy shikoyat yoki xususiy protest) bo‘yicha mazmunan ko‘radi. Bunda, ko‘rsatilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi ajrim e’lon qilingandan so‘ng, apellatsiya instansiyasi sudining majlisi JPK 479-moddasi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari talablarini bajarish uchun keyinga qoldiriladi.
5. JPK 4977-moddasida apellatsiya shikoyati (protesti)ning mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi tufayli, birinchi instansiya sudi shikoyat (protest) beruvchi shaxs tomonidan ularga rioya etilganligini tekshirishi shart.
Agar shikoyat (protest)ning mazmuni qonun talablariga javob bermasa va bu keyinchalik ishni mazmunan ko‘rishga to‘sqinlik qilsa, sudya ajrim bilan uni bergan shaxsga qaytaradi. Bunday holda shikoyat (protest) qayta rasmiylashtirish uchun JPK 4976-moddasida belgilangan doirada muddat belgilanadi.
shikoyat (protest) bergan shaxs yoki kimga nisbatan hukm ustidan shikoyat (protest) keltirayotganligi to‘g‘risida ma’lumot;
shikoyat (protest) bergan shaxsning, uning fikriga ko‘ra hukm yoki boshqa qarorning noto‘g‘riligi nimadan iborat ekanligi to‘g‘risidagi vajlari va talablarining mazmuni;
arizachi o‘z talablarini asoslayotgan hamda apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilishi shart bo‘lgan dalillar to‘g‘risida ma’lumot;
Agar shikoyat (protest) bergan shaxs sud tomonidan belgilangan muddatda ajrimda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etsa, shikoyat (protest) sudga dastlab taqdim etilgan kundan boshlab berilgan hisoblanadi. Aks holda shikoyat (protest) berilmagan hisoblanadi.
6. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonun apellatsiya shikoyati berish huquqini amalga oshirishni faqat mahkum, oqlangan shaxs va jabrlanuvchiga hukm nusxasini topshirish fakti bilan bog‘laydi. Shu tufayli, ishdagi materiallar (masalan sud majlisi bayonnomasi) bilan tanishgandan so‘ng “asosiy” shikoyat (protest) taqdim etilishini ko‘rsatib, “dastlabki” apellatsiya shikoyati (protesti) berilishi qonunda nazarda tutilmagan.
Sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish istagini bildirgan protsess ishtirokchisi JPK 479-moddasining birinchi qismi va 49711-moddasining to‘qqizinchi qismiga muvofiq sudga qo‘shimcha materiallar taqdim etishga haqli.
7. Jinoyat protsessi ishtirokchisining o‘z shikoyati (protesti)ga o‘zgartirish kiritish huquqi apellatsiya instansiyasi sudi maslahat xonasiga kirgunga qadar amalga oshirilishi mumkin. Biroq, JPK 4977-moddasi 4-bandi mazmuniga ko‘ra, mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan tomonga apellatsiya shikoyat (protest)i talablari o‘zgartirilishiga faqat sud qarori ustidan shikoyat (protest) berish uchun belgilangan muddatlarda yo‘l qo‘yiladi.
Belgilangan muddatlar o‘tgandan so‘ng berilgan, mahkumning ahvolini og‘irlashtirishga qaratilgan talablar apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan e’tiborga olinmasligi kerak.
8. JPK 4978-moddasiga muvofiq apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs o‘z shikoyati (protesti)ni, mahkum esa, himoyachisi bergan shikoyatni ham qaytarib olish huquqiga ega. Protestni qaytarib olish huquqi lavozimi bo‘yicha yuqori turuvchi prokurorga ham tegishli.
Qonun mazmuniga ko‘ra apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudi maslahat xonasiga kirgunga qadar qaytarib olinishi mumkin.
Apellatsiya shikoyati (protesti)ning qaytarib olinishi, agar ish bo‘yicha boshqa protsess ishtirokchilari tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘lmasa, apellatsiya tartibida ish yuritish tugatilishiga olib keladi.
9. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellatsiya tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha muayyan istisnolar belgilangan.
Jumladan, birinchi instansiya sudining JPK 4979-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda chiqargan ajrimlari ustidan apellatsiya tartibida shikoyat (protest) keltirib bo‘lmaydi.
Hukm chiqarilgandan so‘ng qabul qilingan amnistiya aktini tatbiq etish, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalalari yuzasidan, shuningdek, mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud bo‘lib, keyingi hukmni chiqargan sud bundan bexabar bo‘lgan va h.k. hollarda berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda jinoyat ishining mazmuni yoki hukm (ajrim)ning qonuniyligi va asosliligi bo‘yicha boshqa masalalar qo‘yilgan bo‘lmasa, apellatsiya tartibida alohida ko‘rilmaydi. Bu masalalar birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 540-moddasi va 541-moddasining birinchi qismi qoidalariga muvofiq hal etiladi.
10. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, JPK 4976-moddasining ikkinchi qismi talablarining bajarilishi protsess ishtirokchilari huquqlarining ta’minlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu tufayli apellatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ko‘rishga tayyorlash paytida quyidagilarni tekshirishi shart:
mahkum (oqlangan shaxs)ga, jabrlanuvchiga birinchi instansiya sudi qarorlari nusxasining topshirilganligini;
protsess ishtirokchilariga apellatsiya shikoyati (protesti), shuningdek qo‘shimcha materiallar kelib tushganligi to‘g‘risida xabar berilganligini;
apellatsiya shikoyati (protesti) bilan protsess ishtirokchilari tanishtirilganligi hamda ularga ushbu hujjatlar nusxasi topshirilganligini;
protsess ishtirokchilarining apellatsiya instansiyasida ish ko‘riladigan joy va vaqt to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor etilganligi, shuningdek mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi va qonuniy vakillariga, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillariga apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etish huquqining tushuntirilganligini.
Ushbu talablar bajarilmaganligi aniqlangan va ularni o‘zi amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi ishni qayta rasmiylashtirish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga haqli.
11. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan va apellatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish istagini bildirgan mahkumning unda ishtirok etishini ta’minlash ushbu sudning majburiyati hisoblanadi. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushgandan so‘ng mahkumning apellatsiya instansiyasi sudida ishtirok etish istagini bildirgan yoki bildirmaganligi aniqlanishi va natijasiga qarab, uni sud majlisiga olib kelish choralari ko‘rilishi shart.
Qo‘llanilgan ehtiyot chorasi turidan qat’i nazar, mahkumning apellatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish huquqidan mahrum etilishi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi deb baholanadi va sud ajrimining bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
12. JPK 480-moddasining birinchi qismi mazmuniga ko‘ra apellatsiya instansiyasi sudi mazkur instansiyada davlat ayblovini quvvatlash vakolatiga ega bo‘lgan prokurorni har bir ish bo‘yicha oldindan xabardor etish choralarini ko‘rishi shart.
13. Apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etishga huquqi bor shaxslar doirasi qonunda belgilangan (JPK 479-moddasining to‘rtinchi qismi).
Ishning ko‘rilish joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning uzrli sabablarsiz sud majlisiga kelmasligi uni ko‘rish uchun to‘siq bo‘lmaydi.
Ayni paytda, qonunga ko‘ra apellatsiya instansiyasi sudida prokurorning ishtiroki shart bo‘lib, bunday holda, JPK 25-moddasining birinchi qismi hamda 51-moddasi birinchi qismining 6-bandi mazmunidan kelib chiqib, ushbu instansiyada himoyachining ishtiroki ham ta’minlanishi shart (JPK 52-moddasida ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno). Shu sababli prokuror yoki himoyachi kelmagan hollarda ishning muhokamasi keyinga qoldirilishi kerak.
14. Apellatsiya instansiyasi sudi xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflarga o‘z protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Apellatsiya instansiyasi sudida ishning muhokamasi, JPK 49711-moddasi va 49712-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan istisnolarni inobatga olgan holda, birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari asosida olib boriladi.
15. Apellatsiya tartibida ish yuritishning kassatsiya tartibidan farqli xususiyati shundan iboratki, apellatsiya instansiyasi sudi to‘liq sud tergovi o‘tkazishi, shu jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirib chiqishi va ularga sud majlisida aniqlangan yangi holatlar natijasiga ko‘ra huquqiy baho berishi mumkin (JPK 490-moddasining uchinchi qismi).
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Apellatsiya instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni so‘roq qilish, ekspertizalar o‘tkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida), ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qo‘shimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus ko‘rsatishi lozim.
JPK 481-moddasiga muvofiq qo‘shimcha materiallar sud tomonidan tergov organlariga muayyan tergov harakatlarini o‘tkazish to‘g‘risida topshiriq berish yo‘li bilan ham olinishi mumkin. Bu haqda apellatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi, ishning muhokamasi esa keyinga qoldiriladi.
16. Apellatsiya shikoyatida protsess ishtirokchilarining sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan ko‘rsatuvlari ularning birinchi instansiya sudida aslida bergan ko‘rsatuvlariga mos emasligi to‘g‘risida keltirilgan vajlar bu shaxslarni apellatsiya instansiyasi sudi majlisida so‘roq qilish yo‘li bilan tekshirilishi mumkin.
17. Apellatsiya instansiyasi sudida taraflar muzokaralari JPK 449-moddasi qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
Ish bo‘yicha bir necha apellatsiya shikoyati (protesti) mavjud bo‘lganda, birinchi bo‘lib ayblov tarafiga tegishli protsess ishtirokchilari so‘zga chiqadi.
18. Qonunga ko‘ra, apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etayotgan sudlanuvchiga oxirgi so‘z berilmasligi, jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi sanaladi va apellatsiya instansiyasi ajrimining bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
19. Apellatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan ishning haqiqiy holatlari qanchalik to‘g‘ri aniqlanganligini, moddiy va protsessual qonun normalari qanchalik to‘g‘ri qo‘llanilganligini tekshiradi.
Apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini shaxs sudlangan yoki oqlangan ayblov doirasida ko‘rib chiqadi. Biroq shikoyat (protest) kim tomonidan berilganligidan qat’i nazar, JPK 494-moddasiga muvofiq, sud o‘z qarori bilan jazoni kuchaytirishga, shuningdek og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llashga haqli emas.
20. JPK 482-moddasiga muvofiq apellatsiya instansiyasi sudi shikoyat (protest)da bayon etilgan vajlar bilangina chegaralanmasdan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini to‘la hajmda (taftish tartibida) tekshirishga majbur.
Ish bo‘yicha bir necha mahkum (oqlangan shaxs) o‘tgan bo‘lib, hukm ustidan ulardan ayrimlari shikoyat bergan hollarda ham, apellatsiya instansiyasi sudida ish barcha mahkumlarga (oqlangan shaxslarga) nisbatan ko‘riladi.
Biroq, agar bu mahkum (oqlangan shaxs) ahvolining og‘irlashuviga olib kelsa, prokuror protesti yoki jabrlanuvchining shikoyati bo‘lmagan hollarda, sud shikoyat (protest)da keltirilgan vajlar doirasidan chetga chiqishga, shuningdek apellatsiya shikoyati bermagan mahkumlar (oqlangan shaxslar)ga nisbatan ishni ko‘rishga haqli emas (JPK 494-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari).
Apellatsiya instansiyasida ishning taftish tartibida tekshirilishi sud qarori ustidan apellatsiya shikoyati bermagan protsess ishtirokchilarini (agar ularga nisbatan hukm o‘zgartirilgan bo‘lsa) kassatsiya shikoyati (protesti) berish huquqidan mahrum qiladi, chunki bunda har doim apellatsiya instansiyasi ajrimining qonuniyligi va asosliligi shubha ostiga olinadi. Bunday hollarda shikoyat (protest) nazorat tartibida ko‘rib chiqilishi kerak.
21. Qandaydir sababga ko‘ra ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa yoki o‘tkazib yuborilgan muddat JPK 4975-moddasi tartibida tiklansa yoxud mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining apellatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa, apellatsiya instansiyasi sudi JPK 49717-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.
22. Apellatsiya instansiyasi, agar chiqarilgan hukm JPK 455-moddasi talablariga muvofiq ekanligini aniqlasa, uni o‘zgarishsiz qoldiradi.
JPK 533-moddasi birinchi qismi uchinchi bandida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda — hukmning ijrosini kechiktirishga;
23. JPK 484-moddasida hukm bekor qilinishi va o‘zgartirilishi uchun umumiy asoslar belgilangan bo‘lib, apellatsiya instansiyasi sudi, ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, ularni u yoki bu tarzda qo‘llashi mumkin.
dastlabki yoki sud tergovi to‘liq bo‘lmasa yoki bir yoqlama olib borilgan bo‘lib, biroq yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘ldirilganidan so‘ng apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat kvalifikatsiyasi o‘zgartirilishi zarurligi haqida xulosaga kelsa;
hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq bo‘lmay, biroq apellatsiya instansiyasi sudi mahkumning ahvolini og‘irlashtirmay turib, ularga tegishli baho bera olsa;
ish bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi normalari buzilgan bo‘lib, biroq ularning apellatsiya instansiyasida bartaraf etilishi hukmning o‘zgartirilishiga olib kelsa;
sud tomonidan Jinoyat kodeksi normalari noto‘g‘ri qo‘llanilgan bo‘lib, biroq apellatsiya instansiyasi sudi bu xatoni mahkumning ahvolini og‘irlashtirmay turib tuzatishi mumkin bo‘lsa;
sud tomonidan nomunosib og‘ir jazo tayinlangan bo‘lib, apellatsiya instansiyasi sudi o‘z vakolati doirasida uni yengillatishga haqli bo‘lsa.
Apellatsiya instansiyasi sudida kamchiliklarni to‘ldirish va protsessual qonun buzilishini bartaraf etish imkoniyati bo‘lmasa, hukm barcha hollarda bekor qilinishi shart.
24. Apellatsiya instansiyasi sudi hukmni o‘zgartirish uchun asoslar mavjud bo‘lganda quyidagilarga haqli:
qilmishni Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga (bir necha moddalariga) qayta kvalifikatsiya qilishga, agar bu mahkumga hukmda bayon qilinganidan jiddiy farq qiladigan ayblov qo‘yilishiga yoki unga og‘irroq jazo tayinlanishiga olib kelmasa;
hukmdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini og‘irlashtiruvchi belgilarni chiqarishga;
hukmdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni noto‘g‘ri baholash tufayli ortiqcha e’lon qilingan Jinoyat kodeksi moddasini chiqarishga;
Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida yoki shu Kodeks 57-moddasini qo‘llagan holda jazo miqdorini kamaytirishga yoki boshqa yengilroq jazo (asosiy va qo‘shimcha) tayinlashga;
jinoyat natijasida yetkazilgan zararni qoplash miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirishga, shuningdek ushbu masala birinchi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda — bunday zararni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishga, basharti bunda jinoyat kvalifikatsiyasini mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan tomonga o‘zgartirish zarurati yuzaga kelmasa;
mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topishga yoki hukmdan uni o‘ta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga;
mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan qattiqroq turini belgilashga.
25. Asosiy jazo yengillashtirilganda, shu jumladan JK 57-moddasi qo‘llanilganda ham, apellatsiya instansiyasi sudi hukmning qo‘shimcha jazo tayinlash haqidagi qismini o‘zgarishsiz qoldirishi mumkin.
26. JPK 494-moddasi birinchi qismi talablariga rioya etgan holda mahkumning qilmishini Jinoyat kodeksining bir moddasidan ikki va undan ortiq moddalariga qayta kvalifikatsiya qilganda, apellatsiya instansiyasi sudi hukmga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi va JK 59-moddasida belgilangan qoidaga muvofiq jazo tayinlashga haqli. Bunda yangi jazo hukm bo‘yicha tayinlangan jazodan og‘irroq bo‘lishi mumkin emas.
Agar Jinoyat kodeksining bir moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi shart bo‘lgan ikki yoki undan ortiq qilmish Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bilan noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi sudi ushbu qilmishlarni yengilroq jinoyat to‘g‘risidagi moddaga qayta kvalifikatsiya qilib, uning sanksiyasi doirasida birinchi instansiya sudi tomonidan mazkur modda bo‘yicha tayinlangan jazodan og‘irroq, biroq uzil-kesil tayinlangan jazo miqdoridan ko‘p bo‘lmagan jazo belgilashga haqli.
27. Birinchi instansiya sudi tomonidan jazolarni qoplash prinsipi (JK 59-moddasining uchinchi qismi) noto‘g‘ri qo‘llanilganligi aniqlanganda, apellatsiya instansiyasi, jazolarni qo‘shish prinsipiga o‘tishi mumkin. Bunda yangi jazo hukm bo‘yicha tayinlangan uzil-kesil jazo miqdoridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
28. Boshqa epizodlar bilan umumiy kvalifikatsiya qilingan bir yoki bir necha epizod (masalan, bir necha marta pora olganlik) bo‘yicha ish holatlari to‘liq tekshirilmagan deb topilganda, agar ularni hukmdan chiqarish uchun yetarli asoslar yoki yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘ldirish uchun imkoniyat bo‘lmasa, apellatsiya instansiyasi hukmni bekor qilib, ishni to‘liq hajmda yangidan ko‘rish uchun yuborishi kerak.
Agar mahkum Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilingan bir necha jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan bo‘lib, ulardan har birini alohida ko‘rish imkoniyati bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi sudi hukmning bir yoki bir necha jinoyatga oid qismini bekor qilib, ishning shu qismini yangidan ko‘rishga yuborishi yoki qo‘shimcha tergovga qaytarishi, ayni paytda, o‘sha mahkumga nisbatan hukmning qolgan qismini o‘zgarishsiz qoldirishi mumkin.
Agar apellatsiya instansiyasi sudi hukmning mahkumlardan biriga doir qismini bekor qilib, ishning shu qismini yangidan sudda ko‘rishga yuborish yoki qo‘shimcha tergovga qaytarish to‘g‘risida fikrga kelsa va ishning shu qismini JPK 332, 416, 417-moddalari mazmunidan kelib chiqib ajratishning imkoni bo‘lmasa, hukm to‘la hajmda bekor qilinishi kerak.
29. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm so‘zsiz bekor qilinishiga sabab bo‘ladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 487-moddasida ko‘rsatilgan. Bunday qonun buzilishini aniqlaganda, apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishi kimning shikoyati (protesti)ga ko‘ra ko‘rilayotganligidan qat’i nazar, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan hukmni bekor qilishi shart.
Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi apellatsiya instansiyasi sudini shikoyat, protestda keltirilgan boshqa vajlarni ham (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning to‘g‘riligi, jazoning adolatliligi to‘g‘risida va h.k.) mazmunan ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha ajrimda tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Jinoyat ishi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi hollari apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan hukm bekor qilinib, oqlov hukmi chiqarilishiga yoki ishning JPK 84-moddasiga muvofiq tugatilishiga to‘siq bo‘lmaydi.
30. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tgandan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hollarda, hukm, garchi unda mahkum jazodan ozod qilingan bo‘lsada, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak.
Agar apellatsiya instansiyasi mahkumning harakatlarini Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi to‘g‘risida xulosaga kelsa va bu modda shaxsni jazodan ozod etishni nazarda tutuvchi yoki jazo qo‘llanilishini istisno etuvchi amnistiya akti ta’siri doirasiga tushsa, apellatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi qabul qilishi shart bo‘lgan qaror chiqarishi kerak. Mahkumning harakatlari Jinoyat kodeksining boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinib, bu modda bo‘yicha shaxs JPK 463-moddasi ikkinchi qismining 2-bandi hamda uchinchi qismining 2 va 5-bandlariga muvofiq jazodan ozod qilinishi lozim bo‘lgan yoki unga nisbatan jazo tayinlanishi istisno etilgan hollarda ham shunday qaror qabul qilinishi lozim.
31. Agar amnistiya akti birinchi instansiya sudi tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan mahkumga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi, jabrlanuvchining shikoyati yoki prokuror protesti bo‘lgan taqdirda, hukmning jazo tayinlash qismini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rishga yuborishi lozim.
Biroq, agar apellatsiya instansiyasi amnistiya akti qo‘llanilgan holda hukmda tayinlangan jazo amnistiya akti qo‘llanilmagan holda ham mahkum uchun yetarli deb topsa, ishni yangidan ko‘rish uchun yubormasdan, hukmni o‘zgartirishga — undan amnistiya aktini qo‘llash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, hukmda amnistiya akti qo‘llanilgan holda tayinlangan jazoni qoldirishga haqli.
32. JPK 494-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga ko‘ra, hukm apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga faqat jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyatida, prokuror protestida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinishi mumkin. Masalan, shikoyat (protest)da faqat mahkumning harakatlari noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sud hukmni jazoning yengilligi sababli bekor qilishga haqli emas.
Jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilari (o‘zga mahkumlar yoki ular himoyachilari)ning og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llash zarurligi yoki jazoning yengilligi to‘g‘risidagi shikoyatlari hukmni mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga bekor qilish uchun sabab bo‘la olmaydi.
JPK 84-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, ishni to‘liq hajmda yoki mustaqil kvalifikatsiya qilingan ayblov qismi bo‘yicha tugatishga;
JPK 484-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ishni yangidan sudda ko‘rishga yuborishga, basharti apellatsiya sudi tomonidan JPK 49713-moddasi ikkinchi qismining talablarini bajarishning imkoni bo‘lmasa;
JPK 419-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, ishni qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarishga.
(33-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
34. Apellatsiya instansiyasi sudi ishni yangidan sudda ko‘rishga yoki qo‘shimcha tergovga yuborish paytida ayblovning isbotlanganligi yoki isbotlanmaganligi, u yoki bu dalilning ishonchli yoki ishonchsizligi, ayrim dalillarning boshqa dalillardan ustunligi, jinoyatning kvalifikatsiyasi va jazo to‘g‘risida dastlabki tergov organlari va sud tomonidan chiqariladigan xulosalarni oldindan hal qiluvchi ko‘rsatmalar berishga haqli emas.
Apellatsiya instansiyasi sudi, hukmni bekor qilib, ishni yangidan sudda ko‘rishga yuborayotganda, o‘z ajrimida qanday holatlar hukmning bekor qilinishiga asos bo‘lganligini va yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi qanday bartaraf etilishi kerakligini ko‘rsatishi shart.
Hukmni bekor qilib, ishni qo‘shimcha tergov yuritish uchun yuborayotganda, sud, dastlabki tergov organi tomonidan qanday holatlar aniqlanishi shartligini ko‘rsatishi kerak.
35. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, oqlov hukmining asosi bu haqda shikoyat (protest) berilgan holdagina o‘zgartirilishi mumkin.
Oqlov hukmi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan, faqat, shaxsning asossiz oqlanganligi to‘g‘risida jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyati yoki prokurorning protesti bo‘lgan holda bekor qilinishi mumkin.
Ayrim oqlangan shaxslarga nisbatan shikoyat (protest) berilishi boshqa oqlangan shaxslarga nisbatan hukmning bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi uchun asos bo‘lmaydi.
36. Agar mahkum o‘zi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan apellatsiya shikoyati (protesti) berilgandan so‘ng, biroq ish apellatsiya instansiyasida ko‘rilgunga qadar vafot etsa, ish yuritish umumiy asoslarda davom ettiriladi.
Marhumni reabilitatsiya qilish uchun asoslar bo‘lgan taqdirda apellatsiya instansiyasi sudi ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqaradi, boshqa hollarda esa, hukmni bekor qilib, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishini JPK 84-moddasi birinchi qismining 3-bandiga muvofiq tugatadi.
Ish tugatilganda ashyoviy dalillar taqdiri haqidagi masala JPK 211-moddasiga muvofiq, ularning tegishliligi to‘g‘risida nizo kelib chiqqanda esa — fuqarolik ish yurituv tartibida ko‘rilishi mumkin. Marhumning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi ham jabrlanuvchi yoki prokuror tomonidan marhumning vorislariga yoki uning mulkini boshqarish huquqini o‘ziga olgan shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan da’vo bo‘yicha fuqarolik ish yurituv tartibida ko‘riladi.
37. Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi JPK 496-moddasi talablariga muvofiq bo‘lishi, jumladan, unda apellatsiya shikoyati (protesti)da keltirilgan har bir vaj muhokama etilib, uning asosliligi yoki asossizligi yuzasidan xulosalar bayon etilishi shart.
Apellatsiya instansiyasi sudining ajrimi u e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va darhol ijroga qaratilishi shart.
38. JPK 298-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, shuningdek surishtiruv, dastlabki tergov yuritilgan yoki sud muhokamasi vaqtida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligini aniqlagan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan tegishli organ yoki mansabdor shaxsning e’tiborini bunga jalb etishi mumkin.
Sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilganda, apellatsiya instansiyasi sudi uning qonuniyligi va asosliligini shubha ostiga oluvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
39. Odil sudlov sifatini oshirish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarga ishlarning apellatsiya instansiyasida sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqilishi uchun qonunda berilgan barcha imkoniyatlardan foydalanish tavsiya etilsin.
40. Mazkur qaror qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2001-yil 1-iyundagi “Jinoyat ishlarini apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti haqida”gi 5-sonli qarorining ishlarni apellatsiya tartibida ko‘rish yuzasidan berilgan tushuntirishlar qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.