Sud amaliyotini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, sudlar iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni asosan to‘g‘ri qo‘llab kelmoqdalar.
Shu bilan birga ushbu sohada sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish paytida qonunni qo‘llashda, jumladan, jinoyatlarni kvalifikatsiya qilish, jazo tayinlash masalalarida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Sudlarning jinoiy qilmishni ma’muriy huquqbuzarlikdan, davomli talon-toroj qilish jinoyatini takroran sodir etilgan talon-toroj jinoyatidan ba’zan farqlay olmayotganliklari asoslantirilmagan qarorlar chiqarilishiga sabab bo‘lmoqda.
“Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2001-yil 29-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rishda jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonun talablariga og‘ishmay rioya etilishi shart ekanligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 61-moddasiga muvofiq korxona, muassasa, tashkilotlarning mulkini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha miqdorda talon-toroj qilish ma’muriy huquqbuzarlik tarkibini tashkil etadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda ham, agar talon-toroj miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmasa, ma’muriy javobgarlik kelib chiqadi. Bunday holda mayda talon-toroj necha marta sodir etilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Talon-toroj miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Talon-toroj etilgan mulkning qiymatini aniqlashda ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslanmoq lozim.
3. Korxona, muassasa, tashkilot mulkini o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab mavqeyini suiiste’mol qilish, firibgarlik va o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish (Jinoyat kodeksining 167, 168, 169-moddalari) uchun jinoiy javobgarlik faqat talon-toroj summasi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 61-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshgan taqdirda kelib chiqadi. Alohida kvalifikatsiya belgilari mavjud bo‘lgan hollar ham bundan mustasno emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Shuni ta’kidlash kerakki, qonunga ko‘ra o‘g‘irlik va firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning mulkini talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik talon-toroj summasi miqdoridan qat’i nazar kelib chiqadi. Biroq, talon-toroj miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmagan har bir holda surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchining (sudlanuvchining) shaxsiga oid ma’lumotlarni hamda moddiy zararning qoplanganligini inobatga olgan holda jinoyat ishini Jinoyat kodeksining 65 va 66-moddalariga asosan tugatish masalasini muhokama etishi kerak.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
4. O‘zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyati mol-mulk mulkdorning egaligidan olingan hamda aybdor uni tasarruf etish yoki undan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi (bosqinchilik va tovlamachilik hollari bundan mustasno).
Agar aybdor o‘zganing mol-mulkini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-yu, biroq hali uni o‘z mulki sifatida tasarruf etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qilmish talon-toroj qilishga suiqasd tariqasida kvalifikatsiya etilmog‘i kerak (bosqinchilik va tovlamachilik hollari bundan mustasno).
Qasd bir butun mulkni talon-toroj qilishga qaratilgan bo‘lib, uning muayyan bir qismi talon-toroj qilingan hollarda ham jinoyat tugallangan hisoblanmaydi.
5. Qonunga ko‘ra, hukm taxminlarga asoslanishi mumkin emas. Shu tufayli moddiy qimmatliklar kamomadi faktining o‘zi, agar uning sabablari tergov va sud tomonidan aniqlanmagan bo‘lsa, talon-toroj qilish jinoyati sifatida baholanishi mumkin emasligini sudlar nazarda tutishlari kerak.
Shaxsni o‘zganing mulkini talon-toroj qilishda (JK 167-moddasi) aybdor deb topish uchun bu mulk aybdor tomonidan o‘z foydasiga yoki boshqa shaxslar foydasiga qaratilganligini tasdiqlovchi aniq faktlarga asoslanmoq zarur.
6. Sudlar shuni e’tiborda tutsinlarki, qilmishni kvalifikatsiya qilish uchun talon-toroj sodir etishning xususiyatlarini (davomli yoki takroranligini) to‘g‘ri aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Davomli talon-toroj qilish deb, umumiy qasd bilan qamrab olingan va yagona maqsadga yo‘naltirilgan bir jinoyat tarkibini tashkil etuvchi bir-biriga o‘xshash bir necha jinoiy qilmishlar bilan o‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda tekin olib qo‘yish (egallab olish) tushuniladi.
Davomli jinoyatda aybdorning xatti-harakati sodir etilgan barcha talon-toroj epizodlari bo‘yicha zarar summalarini qo‘shganda hosil bo‘lgan miqdordan kelib chiqib kvalifikatsiya qilinadi.
Jinoyatning takroran sodir etilgan-etilmaganligi masalasini hal qilishda Jinoyat kodeksining 32-moddasi mazmunidan kelib chiqish lozim.
Takroran sodir etilgan talon-torojni kvalifikatsiya qilishda barcha epizodlar bo‘yicha aniqlangan umumiy talon-toroj summasi emas, balki zarar miqdori eng ko‘p bo‘lgan epizod bo‘yicha talon-toroj summasi asos qilib olinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Mansab mavqeyini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish JK 167-moddasining ikkinchi qismi dispozitsiyasida alohida kvalifikatsiya belgisi sifatida nazarda tutilganligi sababli, mansabdor shaxsning bunday xatti-harakatlari, agar aybdorning qasdi o‘zganing mulkini egallashga qaratilgan bo‘lsa, JK 19211 yoki 205-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinmaydi.
Biroq mansabdor shaxsning qilmishida alohida, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish qasdi bilan bog‘liq bo‘lmagan hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish tarzidagi jinoyat tarkibi mavjud bo‘lsa, bunday qilmish tegishincha JK 167 va 205-moddalarida yoki 19211-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinmog‘i kerak.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
8. Tushuntirib o‘tilsinki, agar mansabdor shaxs o‘zi sodir etgan talon-toroj jinoyatini yengillashtirish yoki yashirish maqsadida rasmiy hujjatlarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va yozuvlar kiritgan bo‘lsa, uning qilmishi tegishincha JK 167 va 209-moddalarida yoki JK 167 va 228-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilinmog‘i kerak.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Agar mansab soxtakorligi mansabdorlik jinoyatining subyekti bo‘lmagan boshqa shaxslar bilan ishtirokchilikda sodir etilgan bo‘lsa, bunday ishtirokchilarning harakatlari, basharti ular talon-toroj jinoyati ishtirokchisi bo‘lmasa, JK 228-moddasi bilan emas, balki mazkur Kodeksning 28, 209-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Sudlar shunga e’tibor berigilari kerakki, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining qator moddalari normalarida muayyan shart mavjud bo‘lib, unga ko‘ra quyidagi hollarda mahkumga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoning qo‘llanilishi istisno etiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
JK 167, 168, 170, 180, 181, 1811, 184, 1852, 1924, 19211-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun — jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar qoplangan taqdirda;
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
JK 132, 173, 175, 198, 202 va 233-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun — jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar uch karra miqdorida qoplangan taqdirda.
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shu munosabat bilan qonunning mazkur normalarida nazarda tutilgan shart bajarilgan hollarda tegishli apellatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi, moddiy zarar qaysi sudlov bosqichida qoplanganligidan qat’i nazar, qamoqda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ehtiyot chorasi turini, ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxslarga nisbatan esa, jazo turini o‘zgartirish masalasini darhol hal etishi shart.
(9-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
10. Moddiy zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazo qo‘llanilishi mumkin emasligi haqida Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddalarida ko‘rsatilgan qoida, basharti aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, shu jumladan, o‘tkazilgan operativ-qidiruv tadbiri natijasida, zarar yetkazilishining oldi olingan bo‘lsa, qo‘llanilmaydi.
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
11. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, sudlanuvchilardan biri tomonidan moddiy zararning to‘liq qoplanishi jinoyatning barcha ishtirokchilariga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni qo‘llamaslik uchun asos bo‘ladi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
12. Sudlar iqtisodiyot sohasidagi jinoyatga oid ishlar bo‘yicha zararni qisman qoplagan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda JK 57-moddasini qo‘llash masalasini muhokama etishi mumkin.
Jumladan, jinoyat natijasida yetkazilgan zarar summasining kamida yarmi aybdor tomonidan qoplanganligi jazoni jiddiy kamaytiruvchi holat deb topilishi mumkin.
Sud tomonidan solidar javobgarlik belgilangan hollarda zararni qisman qoplagan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda ham xuddi shu prinsipga amal qilinishi kerak.
13. Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar ko‘pincha boshqa jinoyatlar, masalan, mansab vakolatini suiiste’mol qilish yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, mansab soxtakorligi va shu singari jinoyatlar bilan birgalikda sodir etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Sud har bir shunday ish bo‘yicha moddiy zararni qoplagan shaxsga nisbatan talon-toroj qilganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlar ekan, ishning muayyan holatlarini inobatga olib, uning boshqa jinoyatlari uchun, agar bu jinoyatlarni sodir etganlik uchun qonunda muqobil jazolar nazarda tutilgan bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosini tayinlash qanchalik maqsadga muvofiq ekanligini muhokama etishi shart.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Qonun moddiy zarar qoplangan hollarda ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazo tayinlanmasligi haqida Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddalarida nazarda tutilgan shartlar qo‘llanilishi imkoniyatini mahkumning sudlanganlik holati bilan bog‘lamaydi.
Bundan kelib chiqadiki, qonunda belgilangan mazkur huquqiy kafolatlar retsidiv jinoyatga, shu jumladan, muqaddam ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tab chiqqan shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 13-noyabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
15. Jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zararning qoplanishi jabrlanuvchining buzilgan huquqlarini tiklashning muhim kafolati ekanligi hamda sudlanuvchi uchun muayyan huquqiy oqibatlar keltirib chiqarishi munosabati bilan sudlar zararning qoplanishiga imkon beradigan barcha huquqiy vositalardan foydalanishi shart.
Shu maqsadda, moddiy zarar bir guruh shaxslarning birgalikdagi xatti-harakatlari oqibatida yetkazilgan jinoyat ishlarini ko‘rayotganda sud ishning muayyan holatlarini inobatga olib hamda Fuqarolik kodeksining 1000-moddasida belgilangan talablarga amal qilib, bunday shaxslarga nisbatan solidar emas, balki hissali javobgarlik yuklashga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Moddiy javobgarlik turi, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash usulini belgilashga oid masalalarni hal etishda Oliy sud Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi “Jinoyat natijasida yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplashga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 26-sonli qarorida berilgan tushuntirishlardan kelib chiqish lozim.
(15-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
16. Bitta ish bo‘yicha, biroq alohida sodir etilgan va umumiy qasd bilan qamrab olinmagan, ayrimlari talon-toroj qilganlik uchun, boshqalari esa, mansabga sovuqqonlik bilan qaraganlik yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilganlik uchun hukm qilingan shaxslarga nisbatan solidar moddiy javobgarlik belgilanmaydi. Mazkur xatti-harakatlar talon-toroj sodir etilishiga ma’lum darajada sharoit yaratib bergan hollar ham bundan mustasno emas.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan shaxs tomonidan hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng qoplangan taqdirda kassatsiya instansiyasi sudi bu jazo turini JK 61, 62-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga asosan boshqa jazo turi bilan almashtiradi.
(17-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Bunda, agar moddiy zarar qoplangan kunga qadar o‘talgan jazo muddati boshqa jazo turi uchun qonunda belgilangan eng ko‘p miqdordan oshgan bo‘lsa, sud jazoni o‘talgan deb hisoblaydi hamda mahkumni darhol qamoqdan ozod qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(18-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2016-yil 27-dekabrdagi 29-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yuqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
19. Sudlar shuni e’tiborga olishi lozimki, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga oid ishlar bo‘yicha moddiy zarar qoplanganligi munosabati bilan ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning tayinlanishi, mahkum jarimani to‘lashdan yoki majburiy jamoat ishlari yoxud axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlagan taqdirda, bu jazoni yana ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash jazosi bilan almashtirish imkoniyatini istisno etmaydi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
20. Sudlarning e’tibori qaratilsinki, jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonun normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bilan bevosita bog‘liq. Shuning uchun ham apellatsiya, kassatsiya instansiyalari sudlari har bir ish bo‘yicha jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni qo‘llashda yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘z vaqtida aniqlashlari va tuzatishlari, shuningdek xususiy ajrimlar chiqarish orqali ularga munosabat bildirishlari kerak.