Тизимнинг ушбу имкониятидан фойдаланиш учун Сиз авторизация қилинишингиз керак!
Рўйхатдан ўтишни хоҳлайсизми? Ёки тизимга ўз логинингиз билан кирасизми?

Авторизация қилиш Рўйхатдан ўтиш

 LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
“Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq Oliy sudning Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
3.2. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 1-qismida muntazam ravishda xo‘rlash, kamsitish, sog‘liqning yomonlashuviga sabab bo‘lgan yengil yoki o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish, noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish kabi o‘zaro munosabatlarga oid ustav qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Shu sababli aybdorning harakatlarini Jinoyat kodeksining shaxsga qarshi jinoyatlarga tegishli moddalari bilan qo‘shimcha tavsiflash talab qilinmaydi.
3.3. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a, b” bandlarida bir guruh shaxslar tomonidan yoki qurol ishlatish orqali sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan.
Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan “bir guruh shaxslar” tushunchasi Jinoyat kodeksining 29-moddasida berilgan tushuncha bilan bir xil ma’noni anglatadi. Guruh sifatidagi noustav zo‘ravonlik harakatlari qasd umumiyligi bilan birlashgan ikki yoki undan ortiq harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etiladi va ularning har biri Jinoyat kodeksining 285-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat subyekti bo‘ladi va jinoyatda sherik sifatida ishtirok etadi. Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyat oldindan o‘zaro til biriktirib yoki biriktirmasdan sodir etilishi mumkin. So‘nggi holda harakatlarni Jinoyat kodeksining 285-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan tavsiflashning zarur sharti — har bir aybdor o‘z noustav harakatlarini guruh ichida birlashib sodir etayotganligini anglab etganligidir.
3.4. Jinoyat kodeksining 285-moddasi 4-qismi “b” bandida ko‘zda tutilgan “boshqa og‘ir oqibatlar” deganda, aybdorning noustav harakatlari bilan sababiy bog‘lanishda bo‘lgan, og‘irligining xususiyatiga qarab sud tomonidan baholanishi lozim bo‘lgan oqibatlar tushuniladi.
Noustav zo‘ravonlik harakatlari oqibatida bir necha jabrlanuvchiga Jinoyat kodeksi 285-moddasining turli qismlarida ko‘zda tutilgan zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu harakatlar Jinoyat kodeksining 33-moddasi qoidasiga ko‘ra tavsiflanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksining 297-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat subyekti — o‘z xizmat mohiyatiga ko‘ra atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, moddalar va buyumlardan foydalanayotgan yoki ularni saqlash, tashish va yetkazib berishni ta’minlab beruvchi yoxud ularga daxldor bo‘lgan va ular bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzgan harbiy xizmatchilar bo‘lishi mumkin.
5.1.1. Qurol — tirik kuchni yo‘q qilish uchun maxsus yaratilgan texnik vositadir. Jinoyat kodeksining 297-moddasi dispozitsiyasi faqat o‘qotar qurolni (pistolet, avtomat, granatomyot, artilleriya yoki raketa qurol-yarog‘lari) o‘z ichiga oladi, sovuq qurol bu guruhga kirmaydi. Qurol-yarog‘ zavodda tayyorlangan va harbiy qism u bilan qurollangan bo‘lishi kerak. Qo‘lda yasalgan o‘qotar qurollar Jinoyat kodeksining 297-moddasida ko‘zda tutilgan qurolga kirmaydi. Qurilish, signal, start pistoletlari va tirik kuchni yo‘q qilishga mo‘ljallanmagan boshqa otish vositalari ham bu guruhga kirmaydi.
5.2.1. Jinoyat kodeksining 298-moddasi nazarda tutgan jinoyatning muqarrar alomati — yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar natijasida odamlarning halok bo‘lishi yoki ularga og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi muayyan zararning kelib chiqishidir. Hayot va sog‘liqqa zarar yetkazish ushbu jinoyat tarkibi bilan qamrab olingan va u shaxsga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi moddalar bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qilmaydi.
Jinoyat kodeksining 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyatdan mazkur jinoyat obyekti, obyektiv tomonining ba’zi alomatlari va subyekti bilan ajralib turadi. Jinoyat kodeksining 298-moddasi bo‘yicha jinoyat obyekti bu Qurolli Kuchlarda o‘rnatilgan va jangovor, maxsus yoki transport mashinalaridan foydalanish yoki ularni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy xizmatni o‘tash tartibidir. Jinoyat kodeksining 266-moddasida belgilangan jinoyat esa — transport harakati va undan foydalanish xavfsizligiga tajovuz qiladi. Jinoyat kodeksining 298-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat harbiy xizmatchi tomonidan jangovor, maxsus yoki transport mashinasida sodir etiladi. Agar harbiy xizmatchi jangovor, maxsus yoki transport bo‘lmagan mashinada va harbiy xizmatchi bo‘lmagan shaxs esa, jangovor, maxsus yoki transport mashinada boshqarish qoidalarini buzsa, bu harakat Jinoyat kodeksining 266-moddasi tarkibi alomatlariga to‘g‘ri keladi.
Agar transport vositalarining texnik holati yoki ulardan foydalanishga mas’ul shaxs texnik jihatdan nosoz bo‘lgan jangovor, maxsus yoki transport mashinalarni foydalanish uchun chiqarib yuborsa va bu Jinoyat kodeksining 262-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarsa, bu holat Jinoyat kodeksining 262-moddasi bilan tavsiflashni talab qilmaydi, chunki ushbu qilmish Jinoyat kodeksining 298-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olingan.
Jinoyat kodeksining 298-moddasi jangovor, maxsus yoki transport mashinalarini boshqarish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish natijasida kelib chiqqan barcha oqibatlarni, jumladan, bir necha odamlarning halok bo‘lishini ham nazarda tutadi. Shuning uchun bir necha odamlarning o‘limiga olib kelganlik alomati mavjudligining o‘zi qilmishni Jinoyat kodeksining 262-moddasi bilan tavsiflash uchun asos bo‘lmaydi.
Boshqarish qoidalarini buzgan shaxs tomonidan ayni paytda jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmaslik Jinoyat kodeksining 298-moddasi dispozitsiyasi doirasidan tashqariga chiqadi va Jinoyat kodeksining 117-moddasi bilan qo‘shimcha tavsiflashni talab qiladi.
5.3.1. Jinoyat kodeksining 299-moddasi halokat yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan hodisalar uchun javobgarlikni nazar tutadi.
5.3.3. Jinoyat kodeksining 299-moddasida nazarda tutilgan jinoyatning subyekti — zimmasiga uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rishni ta’minlashga oid maxsus vazifa yuklatilgan harbiy xizmatchilar bo‘lishlari mumkin. Uchish rahbari, havo kemasining qo‘mondoni, uchuvchi, bort muhandisi, shturman va boshqalar ham javobgarlikka tortilishlari mumkin.
5.4.1. Jinoyat kodeksining 295-moddasi 1-qismi muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga shaxsiy foydalanishga berilgan harbiy anjomlarni behuda sarflaganlik uchun javobgarlikni ko‘zda tutadi.
5.4.2. Jinoyat kodeksining 295-moddasidan farqli o‘laroq, kodeksning 296-moddasida nafaqat shaxsiy yoki xizmatda foydalanish uchun berilgan anjomlarni, balki har qanday harbiy mulkni asrash tartibi nazarda tutilgan. Qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, harakatlanish vositalari va boshqa harbiy mulklar davlat mulki bo‘lib, shuning uchun ham ularni qasddan nobud qilgan yoki ularga shikast yetkazgan aybdor bir paytning o‘zida davlat mulkiga ham tajovuz qiladi.
Jinoyat kodeksining 296-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd shaklida sodir etiladi. Bunday paytda aybdor shaxs mulkni nobud qilish yoki unga shikast yetkazishni maqsad qilib qo‘yadi yoki bunday oqibatlarning kelib chiqishiga, bila-turib, yo‘l qo‘yadi. Aybdor boshqa biror mulkni emas, balki aynan harbiy mulkni nobud qilayotganini yoki unga shikast yetkazayotganini anglaydi.
Uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni tayinlash paytida, sud ishning holatlari va sudlanganning shaxsini inobatga olib, muddatli xizmat harbiy xizmatchilariga intizomiy qismga yuborish, JK ning 47-moddasida ko‘rsatilgan harbiy xizmatchilarga esa, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat yoki og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmagan ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat uchun xizmat bo‘yicha cheklash jazolarini qo‘llash huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.

Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing.

© O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Adolat” нuquqiy axborot markazi”