LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qaroriga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 35-sonli “Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasida fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligi alohida uqtirilgan.
Sudlar ushbu konstitutsion me’yordan kelib chiqqan holda shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli sodir etilgan harakat yoki harakatsizlikda ifodalangan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha qonunlarni asosan to‘g‘ri qo‘llamoqdalar.
Shu bilan birga amaliyotda shu toifadagi ishlarni ish yurituviga qabul qilish, ishni ko‘rib chiqishga tayyorlash va ko‘rish jarayonida muddatlarning o‘tib ketganligiga, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lmagan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan yoki tegishli ravishda qonun talablariga rioya qilinmay rasmiylashtirilgan ma’muriy hujjatlarni qo‘shimcha tekshirishlar o‘tkazish uchun yuborish o‘rniga, sudyalar tomonidan ish yurituviga qabul qilinib, xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Sud amaliyotida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar hamda kelib chiqqan muammolarni bartaraf qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
1. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda qonun talablariga qat’iy rioya etish zarurligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga sudyalarning e’tibori qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sudyalar ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ish yurituviga qabul qilishda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning (bundan keyin matnda MJtK) 245-moddasi talablariga qat’iy rioya qilishlari lozim.
3. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishga tayyorlash vaqtida sudya MJtKning 303-moddasida nazarda tutilgan masalalarni hal etishi lozim.
4. Ma’muriy ish shu sudning sudlovligiga taalluqli bo‘lmaganda yoki MJtKning 282 va 304-moddalari talablariga rioya qilinmagan holda yuborilgan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi hujjatlar sudyaning asoslantirilgan xati bilan bayonnomani tuzgan yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqargan organ (mansabdor shaxs)ga qaratiladi. Ma’muriy hujjatlarda mavjud bo‘lgan kamchiliklarni tuzatish uchun qaytarilgan vaqt ma’muriy ishni ko‘rish va ma’muriy jazo tayinlash uchun MJtKning 36 va 305-moddalarida belgilangan muddat o‘tishini to‘xtatmaydi.
5. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan yuritilayotgan bayonnomalarni va ma’muriy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorlarning mazmuni MJtKning 281-moddasi talabiga javob berishi lozim. Agarda bayonnoma yoki ma’muriy ish qo‘zg‘atish haqida qaror tegishli vakolati bo‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan yoki qabul qilingan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilingan vaqt va huquqbuzarlikning mazmuni, huquqbuzarlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi me’yoriy hujjatlar ko‘rsatilmagan yoki javobgarlikka tortilayotgan shaxs hujjatlar bilan tanishtirilmagan, MJtKda nazarda tutilgan hollarda bayonnoma yoki qaror nusxasi topshirilmagan, shu kodeksning 294-moddasida nazarda tutilgan huquqlari tushuntirilmagan holatlarda, sudya qayd qilingan kamchiliklarni bartaraf etish uchun bayonnoma va qarorni tegishli organ yoki mansabdor shaxsga qaytaradi.
6. Sudya ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishda MJtKning 294-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxslarning himoyaga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim. Ma’muriy huquqlarini ta’minlash choralarini ko‘rish lozim. Ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs ish hujjatlari bilan tanishib chiqish, izohlar berish, dalillar keltirish, iltimoslarini bayon etish, ishni ko‘rib chiqishda advokatning huquqiy yordamidan va tarjimonning xizmatidan foydalanish, o‘z ona tilida so‘zlashish, unga nisbatan chiqarilgan qarorlar ustidan shikoyatlar qilish huquqiga egadir.
Keyingi tahrirga qarang.
Muayyan shaxs tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilganligini isbotlash majburiyati, ma’muriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan idoralar (mansabdor shaxs) zimmasiga yuklatiladi. Shunga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxs o‘zining himoya huquqidan foydalanishga, aybsizligini isbotlashga haqlidir, ammo bu uning majburiyati emas.
Ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning himoya huquqining buzilishi, ma’muriy jazo qo‘llash haqidagi qarorni bekor qilishga asos bo‘ladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ma’muriy ishning to‘g‘ri va xolisona hal etilishini ta’minlashda ishni ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ishtirokida ko‘rish lozim. Mazkur shaxsga ishni ko‘rib chiqish joyi va vaqti haqida xabar qilinganligi to‘g‘risida ishda ma’lumotlar bo‘lgan va undan ishni ko‘rib chiqishni kechiktirish xususida hech qanday iltimos tushmagan va o‘zi rozi bo‘lgan hollardagina ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin (sudya qarorda buni asoslantirishi kerak).
Keyingi tahrirga qarang.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 294-moddasi 3-bandida ko‘rsatilgan holatlarda ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning qatnashishi shart. Bu qoidaga rioya qilmaslik qarorning bekor bo‘lishiga asos bo‘ladi.
8. Tushuntirilsinki, sudya ishni ko‘rishga tayyorlashda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlarning bor-yo‘qligini aniqlashga majbur. MJtKning 271-moddasida sanab o‘tilgan holatlar aniqlangan taqdirda sudya ishni yuritishdan tugatish haqida qaror chiqaradi.
Sudya sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik kam ahamiyatli degan xulosaga kelgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 21-moddasi va 310-moddasi ikkinchi qismi talablari asosida huquqbuzarni ma’muriy javobgarlikdan ozod etib ishni yuritishdan tugatadi va uni ogohlantirish bilan chegaralanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ogohlantirish MJtKning 23-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy jazo choralari sirasiga kirmaydi. Shuning uchun ogohlantirish bilan ish tugatilganda Kodeksning 33-moddasini qo‘llash talab qilinmaydi.
9. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasida belgilanganidek ma’muriy jazo qo‘llanish muddatlari huquqbuzarlik sodir etilgan kunidan boshlanib, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab, ikki oydan kechiktirmay qo‘llanilishini mumkin. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan bo‘lsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, ma’muriy jazo chorasi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Davom etayotgan huquqbuzarliklar bo‘yicha huquqbuzarlik aniqlangan kun deb, vakolatli mansabdor shaxs tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik holatni sodir etganligi to‘g‘risida qo‘zg‘atilgan qaror, tuzilgan bayonnoma va shu kabi hujjatlarning tuzilgan sanasi hisoblanadi.
10. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda mansabdor shaxs surishtiruv organi va sudyalar MJtKning 307-moddasida sanab o‘tilgan holatlar bilan birga huquqbuzarning shaxsi va ishni to‘g‘ri hal etishida ahamiyatga molik boshqa holatlarni har tomonlama va sinchkovlik bilan aniqlashlari shart.
Huquqbuzarlikning sodir etilganligi va bunda shaxsning aybdorlik masalasini muhokama qilishda sudya taqdim qilingan hujjatlar bilan chegaralanmasdan zaruratga qarab qo‘shimcha dalillar talab qilish, huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan mansabdor shaxs, jabrlanuvchi va guvohlarni chaqirish, ekspertizalar tayinlash, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirish va boshqa harakatlarni amalga oshirishi lozim.
Mansabdor shaxs, surishtiruv organlari va sudyalar huquqbuzarning shaxsi haqidagi ma’lumotlarga alohida e’tibor berishlari, ya’ni huquqbuzarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili, ma’lumoti, doimiy yoki vaqtincha yashash joyi, oilaviy ahvoli, qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarning yoshlari, muqaddam sudlangan-sudlanmaganligi, ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan kunga qadar oxirgi bir yil davomida ma’muriy javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligi, mashg‘ulot turi, lozim deb topilgan hollarda sog‘liq holatini, nogironligini aniqlashi lozim. Taqdim etilgan hujjatlarda uning shaxsi haqidagi ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan taqdirda, sudya o‘z tashabbusi bilan u haqdagi ma’lumotlarni talab qilib olish choralarini ko‘rishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda ishga aniqlik kiritish maqsadida maxsus bilimlar talab qilinganda, sudya qaror bilan ma’muriy huquqbuzarlik ishi yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlaydi.
Ekspertning huquq va burchlari MJtKning 299-moddasida belgilangan. Ekspertiza tayinlash haqidagi qarorda ekspertiza tayinlash asoslari, ekspertiza o‘tkazishi lozim bo‘lgan muassasaning nomi, ekspert oldiga qo‘yilgan savollar, ekspertiza ixtiyoriga yuborilgan hujjatlar ko‘rsatiladi.
Ekspert ishni yuritayotgan organning (mansabdor shaxsning) topshirig‘iga binoan o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan xulosa beradi va bu xulosa ish hujjatlariga qo‘shib qo‘yiladi.
12. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bayonnomasi raislik etuvchi va kotib tomonidan yoki ishni ko‘rib chiqqan (mansabdor shaxs) tomonidan imzolanadi. Qayd qilingan qonun talabining buzilishi, ish yuzasidan chiqarilgan qarorlarni bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
13. Bir necha huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash MJtKning 34-moddasiga asosan hal qilinishi lozim.
Tushuntirilsinki, bir necha ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan bo‘lib, shundan birortasining sudga taalluqliligi aniqlangan taqdirda, ular sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Agarda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan musodara qilish yoki maxsus huquqlardan mahrum qilish jazolari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bunday ishlar ham sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, shaxs tomonidan bir necha huquqbuzarliklar sodir etilganda bunday ishlar og‘irroq jazo chorasi belgilangan huquqbuzarlik ishi ko‘riladigan organ yoki mansabdor shaxs tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Bir necha huquqbuzarlik bo‘yicha jazo chorasini qo‘llashda sodir qilingan huquqbuzarlikning xususiyati, huquqbuzarning shaxsi, ayb darajasi, mulkiy ahvoli, javobgarligini og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlari e’tiborga olinishi lozim.
14. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 31, 32-moddasida ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar ko‘rsatilgan. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiquvchi organ (mansabdor shaxs) Kodeksning 31-moddasida nazarda tutilgan holatlardan tashqari boshqa holatlarni ham javobgarlikni yengillashtiruvchi holat deb baholashi mumkin. Ammo MJtKning 32-moddasida sanab o‘tilgan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar doirasi chegaralangan bo‘lib, keng talqin qilinmaydi. Sudya sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlikning mohiyatiga qarab mazkur holatlarni ham aybni og‘irlashtiruvchi holat deb topmasligi mumkin.
15. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 37-moddasiga muvofiq ma’muriy jazoga tortilgan shaxs shu jazoni o‘tash muddati tugagan kundan boshlab bir yil mobaynida yangi ma’muriy huquqbuzarlik sodir etmagan bo‘lsa, mazkur shaxs ma’muriy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi. Shuningdek, shaxs MJtKning 21-moddasiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikdan ozod etilib, ogohlantirilganda, shu Kodeksning 271-moddasi 5-6-bandiga asosan ish yuritish tugatilganda ham u ma’muriy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi.
16. Ma’muriy qamoqqa olish jazosining qo‘llanilishiga alohida hollarda ruxsat etiladi. Ma’muriy qamoqqa olish chorasining qo‘llanilish sabablari qarorning tavsif qismida asoslantirilishi shart.
Ma’muriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga qo‘llanishi mumkin emasligiga sudyalarning e’tibori qaratilsin.
17. Tushuntirilsinki, agarda ishni ko‘rishda huquqbuzarning harakatida ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi tuzilgan bayonnomada ko‘rsatilgan huquqbuzarlik tarkibi yo‘qligi aniqlanib, boshqa ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lsa, sudya huquqbuzarning qilmishini faktik holatlari jiddiy farq qilmaydigan va huquqbuzarning holatini og‘irlashtirmaydigan yengillashtiruvchi holatlarni nazarda tutuvchi moddalarga qayta tavsiflashi mumkin. Huquqbuzarning harakatlarida uning holatini og‘irlashtiradigan moddada nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari yoki jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda, MJtKning 278-moddasi asosida, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tegishli mansabdor shaxs yoki prokurorga yuboradi.
18. Voyaga yetmaganlarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda huquqbuzarning shaxsiga oid aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlardan tashqari, uning yashash joyi, kim bilan yashab kelganligi, oilaviy sharoitlari, o‘qish yoki ish joyidagi vaziyatlar, ma’muriy huquqbuzarlikning sodir etilishida katta yoshdagi dalolatchilar va boshqa ishtirokchilarning bor-yo‘qligini aniqlash lozim.
Bu toifadagi ishlarni ko‘rishda voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakilini ishda ishtirok etishini ta’minlashi lozim.
Ma’muriy hujjatlarni voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyalarga o‘tkazish masalasini hal qilishda sudyalar shuni nazarda tutishlari lozimki, MJtK 194-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik haqidagi ma’muriy ishlarni voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyalarga o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, qolgan hollarda ishlarni voyaga yetmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi komissiyalarga o‘tkazilishi mumkin.
19. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish haqidagi qaror MJtKning 310-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan va 271-moddasida sanab o‘tilgan holatlardan biriga asoslangan bo‘lishi shart.
20. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha qaror MJtKning 309-moddasi talablariga muvofiq tuziladi. Qarorning kirish qismida ma’muriy ishni ko‘radigan sudning nomi, ish ko‘riladigan sana, sudyaning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish ko‘rilayotgan shaxs haqidagi ma’lumotlar batafsil ko‘rsatiladi.
Qarorning tavsif qismida qanday huquqbuzarlik sodir etilganligi, huquqbuzarlik sodir etilgan vaqti, joyi, javobgarlikka tortilayotgan shaxsning aybdorligi yoki aybsizligi haqidagi dalillar, ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan me’yoriy hujjatlar ko‘rsatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan chiqariladigan qarorning qaror qismida, ma’muriy jazo turi, ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llanilganda, uning qaysi vaqtdan boshlab jazoni o‘tash muddati ko‘rsatilishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Agar ma’muriy huquqbuzarlik uchun jazo tayinlash haqidagi masalani hal qilish bilan bir vaqtda aybdor tomonidan mulkiy zararni qoplash haqidagi masala ham hal qilinayotgan bo‘lsa, u holda qarorda undirilishi lozim bo‘lgan zarar miqdori, uni qoplash muddati va tartibi belgilanadi. Qarorda musodara qilinishi lozim bo‘lgan ashyolar, shuningdek, shaxsni ushlash vaqtida ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish uchun ishlatilgan, yonidan olingan narsalar, hujjatlar, pullar mavjud bo‘lgan holatda, sudya ularning taqdiri qanday hal qilinganligini ko‘rsatadi.
21. Sudyalar MJtKning tegishli moddasi dispozitsiyasida ma’lum bir Nizom yoki Qoidalar bilan o‘rnatilgan tartibni buzganlik uchun javobgarlik belgilaydigan ishlarni ko‘rish yuzasidan chiqargan qarorlarida huquqbuzar tomonidan aynan qanday Nizom yoki Qoidalarning qaysi bandlari buzilganligini ko‘rsatishlari shart.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror MJtKning 311-moddasi talabi asosida darhol e’lon qilinadi. Qarorning nusxasi uzog‘i bilan uch kun ichida ma’muriy chora ko‘rilgan shaxsga tilxat orqali topshiriladi. Jabrlanuvchilarning qaror nusxasini olish haqidagi iltimoslari bo‘lganda, ularga ham topshiriladi yoki jo‘natiladi va bu haqda ishga tegishli yozuv yozib qo‘yiladi. Sudya ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsga, shikoyat qilish muddatlari, tartibi va qaror ijrosidan bo‘yin tovlagan taqdirda unga kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar haqida tushuntirishi lozim. Ishda ashyoviy dalil sifatida o‘qotar qurollar va o‘q-dorilar olingan bo‘lsa, ularning ijrosi MJtKning 185, 220-moddasi talablari asosida hal qilinishi shart.
MJtKning 311-moddasi talabiga ko‘ra, o‘qotar qurollar, shuningdek, o‘q-dorilar xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan ishonib topshirilgan yoki korxona, muassasa, tashkilot tomonidan vaqtincha foydalanish uchun berilgan shaxslarga nisbatan ushbu Kodeksning 185-moddasida, 220-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan chiqarilgan qarorning nusxasi ma’lumot uchun tegishli korxona, muassasa yoki tashkilotga, mazkur shaxsning o‘qotar quroldan foydalanishini taqiqlash masalasini ko‘rib chiqish uchun esa ichki ishlar organiga yuborilishi lozim.
23. Tushuntirilsinki, sudyaning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan chiqargan qarori ustidan, huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs, jabrlanuvchi, shuningdek, advokat va ularning qonuniy vakillari tomonidan qaror nusxasini olgan vaqtdan boshlab o‘n kun muddat ichida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudi raisiga yoki yuqori turuvchi sudga shikoyat berishlari mumkin. Belgilangan muddatda shikoyat berilmasa qaror qonuniy kuchga kirgan hisoblanadi. Prokurorning protesti qarorning kuchga kirgan kirmaganligiga qarab kassatsiya yoki nazorat tartibida ko‘rib chiqiladi. Sudya shikoyat yoki protestni olgan kundan boshlab uch kun ichida hujjatlar bilan shikoyat yoki protestni ko‘rib chiqish uchun sud raisi yoki yuqori turuvchi sudga yuborishi lozim.
24. MJtKning 320-moddasida belgilanganidek ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki bildirilgan protest kassatsion bosqich sudyasi tomonidan yakka tartibda sud raisi topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Kassatsiya bosqich sudi sudyasi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyaning qarori yuzasidan berilgan shikoyat yoki keltirilgan protest bo‘yicha hal qiluv qarori chiqaradi va u chiqarilgan vaqtdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida berilgan shikoyat yoki keltirilgan protest yuzasidan kassatsiya bosqich sudi tomonidan MJtKning 321-moddasida qayd qilingan qarorlardan biri qabul qilinadi.
Kassatsiya bosqich sudi sudyasi va nazorat bosqichi huquqbuzarning harakatlarini bayonnoma va ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan holatlardan faktik holatlari jiddiy farq qilmaydigan va huquqbuzarning holatini og‘irlashtirmaydigan yengillashtiruvchi holatlarni nazarda tutuvchi moddalarga qayta tavsiflashi mumkin.
25. Kassatsiya bosqich sudi sudyasi tomonidan qabul qilingan qaror qabul qilinishidanoq qonuniy kuchga kirishi munosabati bilan ushbu qaror yuzasidan manfaatdor tomonlar nazorat tartibida shikoyat berishlari mumkin.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan qabul qilinib qonuniy kuchga kirgan qarorga “Sudlar to‘g‘risida”gi va “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlaridagi umumiy qoidalarga muvofiq tegishli sud raislari va prokurorlar tomonidan nazorat tartibida protest kiritiladi.
Ma’muriy ish bo‘yicha sudya tomonidan qabul qilinib, qonuniy kuchga kirgan qaror yuzasidan keltirilgan shikoyat yoki protest yuqori turuvchi sudning sudyasi tomonidan ushbu sud raisining topshirig‘iga binoan ko‘rib chiqiladi. Agarda ish yuqori turuvchi sudning sudyasi tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lsa, shikoyat yoki protest mazkur sud raisi yoki uning o‘rinbosarining qarori bilan hal etiladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida chiqarilgan qaror qonuniy kuchga kirganidan so‘ng bir yil muddat o‘tgach huquqbuzarning javobgarligini og‘irlashtiruvchi tomonga nazorat tartibida protest kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu muddat huquqbuzarning javobgarligini yengillashtiruvchi holatlarga taalluqli emas.
Shuningdek, MJtKning 271-moddasida qayd etilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlarga asosan tugatilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan qarorlarga nisbatan MJtKning 36-moddasida belgilangan ma’muriy jazo qo‘llash muddatlari o‘tib ketganidan so‘ng nazorat tartibida protest kiritilishi mumkin emas.
26. Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rayotgan sudya asoslar mavjud bo‘lganda MJtKninng 313-moddasi talabi asosida huquqbuzarliklar sodir etish sabablari va ularni sodir qilishga imkon tug‘diruvchi shart-sharoitlar aniqlanganda, bu haqda huquqbuzarning tegishli o‘qish, ish va turar joylariga chora va jamoat ta’sirini ko‘rsatish uchun taqdimnoma kiritadi.
27. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda sudyalar tomonidan qonunlarga qat’iy rioya qilish ustidan nazoratni kuchaytirsinlar, sud amaliyotini muntazam ravishda o‘rganib, umumlashtirib borsinlar.