LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni ko‘rishda sudlar asosan qonunlarni to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlamoqdalar.
Shu bilan birga, sudlar tomonidan ba’zan shu toifadagi ishlarni ko‘rishda ayrim protsessual va moddiy qonun talablarini buzish hollariga ham yo‘l qo‘yilmokda. Shuningdek, voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni lozim darajada aniqlash va ularni bartaraf qilish choralari ko‘rilmayapti.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud amaliyotida aybdorlarning jinoiy qilmishlarini noto‘g‘ri tavsiflash, dalillarga yuzaki baho berish, jinoyatning sodir etilish holatlarini, aybdorlarning oilaviy ahvolini, sog‘lig‘ini, yoshini, mehnatga layoqatli yoki layoqatsizligini, turmush tarzini hisobga olmasdan, alohida yondoshuv tamoyiliga rioya qilmasdan jazo tayinlash hollari uchramoqda.
Keyingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksining 87-moddasida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda voyaga yetmaganlarga nisbatan majburlov choralarini qo‘llagan holda ularni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalasiga yetarli e’tibor qaratilmayapti.
Kelgusida qonun ustuvorligini to‘la ta’minlash va kamchiliklarga barham berish, protsessual va moddiy qonun me’yorlarining to‘g‘ri tatbiq etilishiga sudlarni e’tiborini jalb qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
1. Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni ko‘rishda, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama to‘la va xolisona tekshirib chiqib, qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini va sudlanuvchining shaxsini e’tiborga olgan holda aniqlangan haqiqiy holatlar va dalillar majmuasiga to‘g‘ri baho berilib, odillik va insonparvarlik tamoyillariga amal qilgan holda qonunda ko‘rsatilgan xususiyat va imtiyozlaridan to‘la foydalanishga qaratilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash vaqtida sudlar ayblanuvchiga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish sifatidagi ehtiyot chorasining asosli ekanligini sinchiklab tekshirishlari, ayni vaqtda JPKning 242, 243-moddalariga va Oliy sud Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi “Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan tushuntirishlarga muvofiq bunday ehtiyot chorasi sudlanuvchining shaxsi, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi shuni taqozo etgan hollardagina qo‘llanishini nazarda tutishlari lozim.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 17-sonli qarori tahririda)
Qamoqqa olish asossiz deb topilgan hollarda sud darhol ehtiyot chorasini o‘zgartirishi lozim bo‘ladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari sud muhokamasiga qo‘yilganda ayblanuvchi voyaga yetgan-etmaganligidan qat’i nazar, advokat ishtirok etishligi shart ekanligini nazarda tutishlari kerak. Ushbu qoida jinoyatchilardan birini, shaxs 18 yoshga to‘lmasdan oldin, ikkinchisini voyaga yetganidan so‘ng sodir etgan hollarda ham amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Jinoyat protsessual kodeksining 51-moddasiga muvofiq dastlabki tergov jarayoni va sudda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari bo‘yicha advokatning ishtirok etishi shart. Mazkur qoida JPKning 52-moddasi talabiga ko‘ra voyaga yetmagan shaxs himoyachidan voz kechganda ham tatbiq etiladi. Ushbu protsessual qonun talablariga rioya qilmaslik JPKning 419, 487-moddalariga asosan, hukmning bekor qilinishiga asos bo‘ladigan jinoyat protsessual qonunning jiddiy buzilishi deb qaralishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan hollarda uning ishtirokisiz aniqlangan har qanday dalil yuridik kuchga ega emasdir.
4. Jinoyat-protsessual kodeksining 551 va 562-moddalariga muvofiq sud voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari ko‘riladigan vaqt va joy haqida ularning ota-onasini, ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarni, vasiylik yoki homiylik organi vakillarini, voyaga yetmaganlar o‘qigan yoki ishlagan korxona, muassasa, tashkilotni, voyaga yetmaganlarning ishlari bo‘yicha shug‘ullanuvchi komissiyani, fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlari vakillarini, zarur bo‘lsa boshqa tashkilotlarni ham xabardor qiladi. Sud bu tashkilotlarning vakillarini, sudlanuvchining vasiy yoki homiysini, voyaga yetmaganlarning ishlari bo‘yicha shug‘ullanuvchi komissiyaning vakillarini guvoh sifatida so‘roq qilish uchun sud majlisiga chaqirishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili masalasi hal etilayotganda shuni nazarda tutish kerakki, JPKning 60-moddasining 2-qismida keltirilgan qonuniy vakil bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati qat’iy berilgan.
Agar voyaga yetmaganning ota-onasi bo‘lmasa va u yolg‘iz yashayotgan yoxud tegishli ravishda vasiy yoki homiy etib tayinlanmagan shaxs bilan yashayotgan bo‘lsa, sud voyaga yetmaganning qonuniy vakili sifatida vasiylik yoki homiylik organining vakilini chaqirishi zarur.
5. Sudlar JPKning 548-moddasiga ko‘ra voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar qatoriga yoshini va shaxsini aniqlashlik ham kirishini nazarda tutishlari zarur. Ayni vaqtda, shu narsani e’tiborda tutish kerakki, shaxs tug‘ilgan kunidan boshlab emas, balki tug‘ilgan kuni o‘tganidan so‘ng, ya’ni ertasi kunning nol soatidan boshlab jinoyat uchun javobgarlik boshlanadigan yoshga to‘lgan deb hisoblanadi.
Sudlar ishda albatta voyaga yetmaganlarning tug‘ilish guvohnomasi yoki pasportidan fotonusxa mavjudligiga ahamiyat berishlari kerak. Ishda bunday hujjatlar yo‘qligi aniqlangan taqdirda sudning o‘zi bunday kamchilikni bartaraf qilishi zarur.
Sudlanuvchining yoshi sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan aniqlanayotganda, uning tug‘ilgan kuni deb, ekspertlar aniqlagan yilning oxirgi kuni hisoblanadi. Yosh eng kam va eng ko‘p yillar miqdori bilan aniqlanganda, sud ekspertlar tomonidan belgilangan eng kam yoshdan kelib chiqishi lozim.
6. Shuni nazarda tutish lozimki, JKning 87-moddasi 3-qismiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolgan bo‘lsa va sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘la ravishda anglab yetmasa, sud jazo o‘rniga majburlov chorasi qo‘llash maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlarga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga hamda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatni takroran sodir etgan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan JK 88-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan majburlov choralarini kengroq qo‘llanishi uqtirilsin.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan voyaga yetmagan shaxs agar, sodir etilgan qilmishining xususiyati, aybdorning shaxsi va ishning boshqa holatlarini e’tiborga olib, sud uni jazo qo‘llamasdan turib ham tuzatish mumkin degan xulosaga kelsa, ishni ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ishni tugatish va uni voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyada ko‘rishga yuborish haqida ajrim chiqaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksining 87-moddasining 2-qismida ko‘rsatilgan asoslar bilan voyaga yetmaganni jazodan ozod etish va unga nisbatan shu kodeksning 88-moddasida ko‘rsatilgan majburlov choralarini qo‘llash yuzasidan sud jazo tayinlamasdan turib jazodan ozod etish haqida hukm chiqaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Voyaga yetmagan sudlanuvchining aqli norasoligidan dalolat beruvchi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda, voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishida ortda qolgani yoki ortda qolmagani haqidagi masalaga aniqlik kiritish uchun kompleks sud-ruhiyotshunoslik ekspertizasi tayinlanishi lozim.
Mazkur masalalarning yechimi ekspertlar komissiyasi ixtiyoriga havola etilishi ham mumkin. Bunda voyaga yetmaganning aqliy rivojlanishi, uning yoshidan naqadar ortda qolganligi, aqli zaifligi qay darajada ekanligi haqidagi savollarga javob berish shart qilib qo‘yilishi kerak.
7. Voyaga yetmaganlarning katta yoshdagilar ishtirokida sodir etgan jinoyatlari haqidagi ish ko‘rib chiqilayotganda, katta yoshdagi shaxs va o‘smir o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning xususiyatini sinchiklab aniqlash lozim, chunki ana shu ma’lumotlar katta kishining voyaga yetmaganni jinoyat yoki g‘ayriijtimoiy harakat sodir etishga jalb qilishdagi rolini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Sudlarga 18 yoshga to‘lgan va jinoyatni qasddan sodir etgan shaxslargina voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin ekanligi tushuntirilsin. Shuningdek, katta yoshdagi kishi o‘z harakatlari bilan voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilayotganini bilgani holda yoki shunday fikrga yo‘l qo‘yganini ham aniqlash lozim. Agarda katta yoshdagi kishi shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilsayu, uning voyaga yetmaganligini bilmasa yoki bilishi mumkin bo‘lmasa, bu holda JKning 127-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortish mumkin emas.
8. Agar voyaga yetmagan shaxsning jinoyat sodir etishiga katta yoshdagilarning, shu jumladan ish yuzasidan jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan shaxslarning g‘ayriqonuniy yoki yomon xulq-atvori sabab bo‘lgan bo‘lsa, sud bu holatni jazoni yengillashtiruvchi holat deb e’tirof etishi, shuningdek, zarur holda qayd etilgan shaxslarning ish yoki yashash joylariga xususiy ajrim chiqarib muhokama qilishga yuborishi lozim.
Jinoyat kodeksining 55-moddasi “g” bandiga ko‘ra jinoyatning jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilishi natijasida sodir etilishi, yoxud voyaga yetmagan shaxsning moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaramliligi sababli sodir etilishi javobgarlikni yengillashtiruvchi holat ekanligini ham nazarda tutish kerak. Shu munosabat bilan sudlar voyaga yetmagan shaxsga nisbatan aynan qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilganligini aniqlashlari shart.
9. Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlash masalasini hal etayotganda, birinchi navbatda, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, ana shu shaxslarga oid ma’lumotlarni hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni nazarda tutib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni qo‘llash imkoniyatini muhokama qilishi lozim. Sud aybdorni jamiyatdan ajratmasdan turib qayta tarbiyalashning imkoniyati bo‘lmagan hollardagina ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni tayinlashi mumkin. Ayni vaqtda hukmda sudning bu to‘g‘risidagi xulosasi asoslantirilishi shart.
10. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari yuzasidan hukm chiqarishda ularning jinoiy qilmishlariga xolisona baho berilishi, ularga nisbatan JKning 72, 87-moddalarini qo‘llash masalasini sudlar atroflicha, har tomonlama muhokama qilishlari lozim.
Sudlar voyaga yetmaganlarga nisbatan JKning 72-moddasini qo‘llaganlarida sudlanganga sinov muddati davrida qanday muayyan majburiyatlar yuklatilishini (o‘qishni yakunlashi, ishga joylashishi va hokazolar) hukmda aniq ko‘rsatishlari shart.
Voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanayotganda Jinoyat kodeksning 85-moddasini tatbiq etishning o‘zi yetarli bo‘lib, Jinoyat kodeksning 57-moddasini qo‘shimcha qo‘llash talab etilmaydi. Sudlanuvchiga u aybdor deb topilgan Jinoyat kodeksi maxsus qismining moddasida nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazolarning tayinlanish hollari bundan mustasnodir.
Keyingi tahrirga qarang.
Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi 1 va 2-qismlarida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda shu kodeksning 560-moddasi talabiga ko‘ra voyaga yetmaganlar jinoyatlari to‘g‘risidagi ish yopiq sud majlisida ko‘riladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Agar dastlabki tergov organlari, asos bo‘la turib, Fuqarolik kodeksining 993 va 994-moddalarida ko‘rsatilgan shaxslar va tashkilotlarni fuqaroviy javobgar deb e’tirof etmagan bo‘lsa, sud bu masala yuzasidan tegishli ajrim chiqarishi lozim.
12. Sudlar voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari sudda ko‘rilayotganda jinoyatni keltirib chiqargan sabablarni aniqlab, ularni bartaraf qilish uchun xususiy ajrim chiqarishlari shart.
13. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiruvchi, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik sodir etilishi va ularni nazoratsiz qoldirish hollarining oldini oluvchi hamda ular o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning kelib chiqishi sabablari, shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish choralarini amalga oshiruvchi organ hisoblanishiga e’tibor qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Shu bois sudlar voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni ko‘rishda ushbu komissiyalarning o‘z vazifalarini lozim darajada bajargan-bajarmaganliklarini aniqlab, ularning faoliyatini xolisona baholab, aniqlangan kamchiliklarga nisbatan albatta tegishli munosabat bildirishlari shart.
14. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlari va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha quyi sudlarning faoliyati ustidan nazoratni ta’minlashlari, chiqarilgan sud qarorlarining qonuniyligini va asoslantirilganini sinchiklab tekshirishlari, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishlari zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan sobiq SSSR Oliy sudi Plenumining 1976-yil 3-dekabrdagi “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari hamda ularning jinoiy va boshqa g‘ayriijtimoiy faoliyatga jalb qilinishi haqidagi ishlar bo‘yicha qonunlarning qo‘llanilishiga doir sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 16-son qarori, O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1984-yil 11-maydagi “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari hamda ularning jinoiy va boshqa g‘ayriijtimoiy faoliyatga jalb qilinishiga oid qonun talablarining, SSSR Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumi qarorlarining Respublika sudlari tomonidan ijrosi to‘g‘risida”gi 1-son qarori va O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumining 1987-yil 28-avgustdagi “Voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish vaqtida Respublika sudlari tomonidan qonun hujjatlarining, SSSR Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston SSR Oliy sudi Plenumi rahbariy tushuntirishlarining bajarilishi to‘g‘risida”gi 3-sonli qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.