LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli va 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 3-iyuldagi 11-sonli “Jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida belgilangan har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi amaldagi qonunlarda to‘liq yoritilgan. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashni muntazam takomillashtirib borish davlat organlarining, shu jumladan sudlarning bevosita muhim vazifalaridan biridir.
Fuqarolarning sud ishlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish amaliyotini o‘rganish natijalari sudlarda murojaatlar bilan ishlash asosan to‘g‘ri tashkil etilganligini, ayni vaqtda murojaatlarga qo‘yilgan talablar, ularni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari, murojaat qiluvchining huquq va burchlari, uni ko‘rib chiquvchi shaxslarning huquq, burch va vazifalari hamda boshqa masalalar yuzasidan rahbariy tushuntirishlar berishni talab qiluvchi holatlar mavjud ekanligini ko‘rsatdi.
1. Fuqarolarning sud ishlariga doir murojaatlari — ariza, taklif va shikoyatlari qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi va ularning qonuniy, asosli va adolatli hal qilinishi shartligi konstitutsiyaviy talabdir. Shunga ko‘ra murojaatlarni hal etishda rasmiyatchilik, sansolarlikka yo‘l qo‘yish, murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, murojaatlarni ko‘rib chiqilishini asossiz rad etish, ular bo‘yicha asossiz, qonunga zid xulosalar qilish yoxud fuqarolarning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni oshkor etish, murojaat qilganlik yoki murojaatda bayon etilgan tanqid uchun ta’qib qilish, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini fuqarolarning huquqlari yoki fuqarolar, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadigan holda buzish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarish ko‘rsatib o‘tilsin.
2. Barcha sudlarda fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlangan sud qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqlarini amalga oshirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratilgan bo‘lishi lozim. Sud ishlari yuzasidan murojaat qilish tartibi va muddatlari haqidagi qoidalar o‘zbek va ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tillarda yozilib, sud binolarining fuqarolar uchun ko‘rinarli joylariga ilib qo‘yilishi shartligi uqtirilsin.
Sud qarorlarida ular yuzasidan shikoyat qilish tartib-qoidalari bayon qilinishi, shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi ko‘rsatilib, ular tegishli sud hujjatlarining nusxalari bilan ta’minlashlari lozimligi sudlarga tushuntirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sud ishlari bo‘yicha murojaat qilish huquqiga ega shaxslar doirasi, murojaatlarga qo‘yiladigan talablar, ularni ko‘rib chiqish tartiblari, muddatlari, murojaat qiluvchining huquq va burchlari, ularni ko‘ruvchi shaxslarning huquq, burch va vazifalari kabi masalalar maxsus qonunlar — jinoyat-protsessual, fuqarolik-protsessual, ma’muriy qonunchilik me’yorlari bilan tartibga solinadi.
4. Amaldagi qonunlarda sud protsessi ishtirokchilarining doirasi qat’iy qilib belgilangan (JPKning 2-bo‘limi, FPKning 5-bobi, MJtKning 22-bobi). Sud protsessi ishtirokchilarining har biri o‘ziga xos protsessual huquq va majburiyatlarga egaligiga, jumladan, ularning sudya va sudning harakatlari va qarorlariga nisbatan munosabat bildirish huquqlari ham turlichaligiga, sudlarda faqat sud protsessi ishtirokchilarining sud ishlari bo‘yicha murojaatlari ko‘rilishiga alohida e’tibor berilmog‘i lozim. Bu o‘rinda “sud protsessi ishtirokchilari” tushunchasi “sud majlisi ishtirokchilari” tushunchasidan kengroq ekanligi, sud majlisida qatnashmagan shaxslar ham, basharti, sud ishlari va hujjatlari ularning huquq va manfaatlariga biror-bir tarzda daxldor bo‘lsa, ular yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega ekanliklari tushuntirilsin.
5. Sudyalar fuqarolar tomonidan beriladigan murojaatlarni qabul qilish yoki qabul qilishni rad etish masalasini o‘sha vaqtning o‘zidayoq hal etishlari shart. Pochta aloqasi vositasida kelib tushgan yoki o‘zga idora va mansabdor shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlar, agarda ularni hal etish masalasi sudlarga taalluqli bo‘lmagan holatlarda, 5 (besh) kun muddatdan kechiktirmay tegishli idora yoki mansabdor shaxslarga jo‘natilishi va bu haqda fuqaroga ma’lum qilinishi kerakligi ta’kidlansin.
6. Murojaatlarni qabul qilishni rad etishga faqat qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.
Qonun murojaat etuvchiga o‘z talablarini huquqiy jihatdan aniq ifodalab berish hamda ularni asoslovchi moddiy huquq normalarini ko‘rsatib berish majburiyatini yuklamaydi. Shunga ko‘ra murojaatlarni bunday asoslarga binoan qabul qilishni rad etish mumkin emas.
7. Sudga qabul qilingan ishlar sudda ko‘rilgunga qadar ular yuzasidan qilingan murojaatlar sud majlisida ishga qo‘shib ko‘riladi.
8. Sud majlisi jarayonida sud protsessi ishtirokchilari bo‘lgan fuqarolar tomonidan qilingan murojaatlarni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi. Bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etilib, yozma murojaat ishga qo‘shiladi.
Sud majlisida qilingan murojaatlar bo‘yicha sud (sudya) tomonlarning ular yuzasidan fikrini bilgach, darhol qaror qabul qilishi shart.
9. Sud (sudya)larga protsess ishtirokchilarining murojaatlariga doir ajrimlar haqida ular yuzasidan taraflarga, shuningdek, protest keltirish vakolatiga ega bo‘lgan prokurorlarga xabar berish va bunday ajrimlarning nusxalarini yuborish majburiyati yuklanmagan.
Sud (sudya)ning jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimining nusxasini hamda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini uning tergov qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish lozim bo‘lgan prokurorga yuborish haqidagi qoidalar (JPKning 331 va 336-moddalari) belgilangan tartibda qonuniy kuchga kirgan hamda ijroga qaratilishi lozim bo‘lgan ajrimlarigagina taalluqliligi tushuntirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Jinoyat-protsessual kodeksining 479, 498 va 510-moddalarida birinchi bosqich sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmi, ajrimi, qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat berish, shuningdek, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqishni iltimos qilish huquqiga ega bo‘lgan sud protsessi ishtirokchilari doirasi qat’iy qilib ko‘rsatilgan. Jumladan, sudning qonuniy kuchga kirmagan va kirgan hukmi ustidan sudlangan (mahkum), uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek, jabrlanuvchi, uning vakili, hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari, hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan sudda oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili shikoyat berishga haqli.
Fuqarolik-protsessual kodeksining 310-moddasiga binoan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning qarori qonuniy, asosli va adolatli ekanligini tekshirish haqida murojaat qilish huquqiga faqat ishda ishtirok etuvchi shaxslar — taraflar, uchinchi shaxslar, ularning vakillari va sud protsessi ishtirokchilarigina haqli (FPKning 33-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
Shuning bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik-protsessual kodeksining 52-53-moddalarida belgilangan tartibda vakolati rasmiylashtirilgan vakillar va advokatlar esa FPKning 54-moddasi 2-qismi talabiga muvofiq sud qarorlariga nisbatan mustaqil shikoyat keltirish vakolati to‘g‘risida maxsus ruxsat berilgan vakolatnomaga ega bo‘lgan taqdirdagina apellatsiya, kassatsiya va nazorat shikoyatlari bilan murojaat etish huquqiga ega bo‘lishlari tushuntirilsin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 314-moddasiga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida faqat o‘ziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, jabrlanuvchi, shuningdek, ularning qonuniy vakillari va vakillari (advokat va b.) shikoyat berish huquqiga ega.
Sud protsessi ishtirokchisi bo‘lmagan fuqarolarning muayyan sud ishlariga doir apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibidagi murojaatlari sudlarga qabul qilinmaydi va tekshirib chiqilmaydi. Yanglish qabul qilingan yoki pochta aloqasi orqali kelib tushgan yoxud o‘zga idora va mansabdor shaxslar tomonidan yuborilgan bunday murojaatlar yuzasidan faqat murojaat etuvchining o‘zigagina tegishli protsessual qonun talabi tushuntirilgan javob berilishi taqozo etiladi.
Mazkur qoida deputatlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, vakillik idoralari, davlat va nodavlat tuzilmalari, muassasalari, ularning mansabdor shaxslari va boshqalar orqali yuborilgan ana shunday murojaatlarga nisbatan ham tatbiq qilinadi.
11. “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasi talabiga muvofiq, fuqarolarning murojaatlari, agar ular qo‘yilgan masalalarni hal etish vakolati doirasiga kirmaydigan davlat organiga yuborilgan bo‘lsa, uzog‘i bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga jo‘natiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun boshqa davlat organlariga asossiz ravishda berish yoki qarori yoxud harakati ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning o‘ziga jo‘natish man etiladi. Agar fuqarolarning murojaatlarida ularni tegishli organlarga jo‘natish uchun zarur ma’lumotlar bo‘lmasa, bu murojaatlar xuddi shu muddat mobaynida asoslantirilgan tushuntirish bilan fuqaroning o‘ziga qaytariladi.
Fuqarolarning murojaatlarini har taraflama mufassal va xolisona ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha axborotlar, ma’lumotnomalar va materiallarga zarurat paydo bo‘lsa, mazkur murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organining mansabdor shaxsi qo‘shimcha axborot to‘plashi mumkin.
Fuqarolarning murojaatini ko‘rib chiqayotgan davlat organi zarur hollarda murojaat joyning o‘zida ko‘rib chiqilishini ta’minlashi kerak.
Alohida hollarda, murojaat etgan shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs yo‘qligida murojaatni ko‘rib chiqishning imkoni bo‘lmasa, ular davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chaqirilishi mumkin.
12. Murojaatlarda sud protsessi ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning familiyasi, ismi, yashash yoki jazoni o‘tash joyi, qanday sud qarori yoki protsessual harakat yuzasidan murojaat qilinayotganligi, murojaatning mohiyati va uni asoslovchi vajlar, qo‘yilayotgan talab yoki qilinayotgan iltimos batafsil bayon etilgan, murojaatning yozilgan, berilgan vaqti va joyi aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi va ular, albatta, murojaat etuvchining aynan o‘zi tomonidan imzolanishi shart. Bunday shartlarning bajarilmasligi oqibatida murojaat qiluvchining haqiqatan sud protsessi ishtirokchisi ekanligini aniqlash imkoni bo‘lmasa, shuningdek, uni anonim hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lgan boshqa hollarda, murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
13. Nazorat tartibidagi murojaatlarga barcha sud qarorlari, muqaddam qilingan murojaatlar yuzasidan javoblar, boj to‘lanishi lozim bo‘lgan hollarda esa tegishli to‘lov qog‘ozi, murojaat vakil orqali qilingan bo‘lsa, notarial yoki o‘zgacha qonuniy tarzda rasmiylashtirilgan vakolatnoma, advokatning muhrli orderi va boshqa zarur hujjatlarning, muayyan holatga qarab, asli yoki nusxalari albatta ilova qilinishi shart. Murojaatni to‘g‘ri hal etish uchun muhim bo‘lgan bunday hujjatlarning bo‘lmasligi dastlab, muayyan holatdan va imkoniyatdan kelib chiqqan holda, kamchiliklarni bartaraf etish tartibi va muddati tushuntirilib murojaatni harakatsiz qoldirishga, talab bajarilmagan taqdirda esa uni ko‘rmay qoldirishga yoki sababini ko‘rsatib qaytarishga asos bo‘la oladi.
Shuning bilan birgalikda, amaldagi qonunlarga ko‘ra, fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqilayotgan vaqtda ham qo‘shimcha hujjatlar taqdim etish yoki murojaatlarni ko‘rib chiqayotgan organga hujjatlarni tegishli shaxs yoki idoradan so‘rab olish haqida iltimos qilish huquqiga ega ekanliklari, shuningdek, murojaatni tekshiruvchi ham tegishli hujjatlarni talab qilib olishi mumkinligidan kelib chiqib, arzimas sabablarni ro‘kach qilib murojaatlarni ko‘rmaslik oqibatida sansolarlikka yo‘l qo‘yish mumkin emasligi uqtirilsin.
14. Murojaatlar bilan xolisona ishlashning muhim shartlaridan biri — ularning qarorlari va xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilinayotgan shaxs (sudya, sud tarkibi, sud xodimi) ning aynan o‘ziga ko‘rib chiqish uchun bermaslikdir. Mazkur qoidaning buzilishi qayta va takroriy murojaatlarni keltirib chiqarishi oqibatida sudlarda ishlarning sun’iy ravishda ortishiga va fuqarolarning haqli noroziliklariga sabab bo‘ladi.
15. Sudlar murojaatlarni xolisona, to‘la, har tomonlama va qonuniy muddatlarda ko‘rib chiqishlari; murojaatga sabab bo‘lgan sud ( sudya) qarorlari harakatlarining qonuniy, asosli va adolatliligini tekshirishlari, qoidabuzarliklarga olib kelgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash bilan birgalikda ularga nisbatan tegishli munosabat bildirishlari; fuqaroning buzilgan huquqlarining tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning amalda ijro etilishini ta’minlashlari shart.
Murojaatlari ishni apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish uchun asos bo‘lgan, shuningdek, murojaat kimning manfaatlariga taalluqli bo‘lsa, ana shu sud protsessi ishtirokchilariga sud qarori nusxasining taqdim qilinishi yoki jo‘natilishining o‘zi yetarli bo‘lib, bunday murojaatlarga alohida javob berilmaydi.
Murojaatlar nazorat tartibida ko‘rilganda murojaat etgan sud protsessi ishtirokchisiga uni tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to‘g‘risida yozma tarzda ma’lum qilinishi shart.
16. Nazorat tartibida keltirilgan murojaatdagi iltimos rad etilganda yoki qisman qanoatlantirilganda uning sabablari atroflicha asoslantirilgan, tegishli huquqiy me’yorlarning talablari tushuntirilgan holda oddiy kishilar tushuncha oladigan so‘zlar, umum-e’tirof etgan atama va nomlar bilan bayon qilinishi zarur. Javoblarda sud qarorlarini qabul qilishga asos bo‘lgan holatlar (jumladan, ayblovning mazmuni, nizo predmeti va b.) ning ko‘rsatilishi talab etilmaydi, chunki murojaatlar sud protsessi ishtirokchilarining o‘zlari tomonidan beriladi va bu holatlar ularga ma’lumdir. Murojaatlar yuzasidan qabul qilinadigan qaror va javob, albatta, ular yozilgan yoki muayyan sud ishi yuritilgan tilda bo‘lishi shart.
17. Sudlar murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha protsessual qonunlarda belgilangan muddatlarga qat’iy rioya etishlari shart.
Ishlarni murojaatlar asosida apellatsiya, kassatsiya instansiya sudlarida ko‘rish uchun rasmiylashtirish muddatlari va tartiblariga rioya etilishi bo‘yicha ishni birinchi bosqich sudida ko‘rishda raislik etgan sudya shaxsan mas’uldir.
18. Ishni murojaatlar asosida apellatsiya va kassatsiya yoki nazorat tartibida ko‘rish chog‘ida sud ishni ko‘rishni keyinga qoldirish to‘g‘risida to‘xtamga kelsa, bu haqda asoslantirilgan ajrim chiqaradi. Ishni yuqori sudda ko‘rish muddati tegishli sud raisi tomonidan uzaytirilganda esa ajrim chiqarish talab etilmaydi, lekin protsess ishtirokchilariga bu haqda xabar qilinishi shart.
19. Har qanday murojaatlarni hal qilish muddati tegishli sudga kelib tushgan kundan hisobga olinishi uchun ularning tushgan vaqtini aniq qayd etilishi zarurligi, har bir murojaat sudlarning devonxonalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyingina ijrochiga berilishi va ish hujjatlariga qo‘shilishi mumkinligi, mazkur qoida sud protsessi ishtirokchilari tomonidan bevosita taqdim etiladigan apellatsiya, kassatsiya shikoyatlariga ham taalluqli ekanligi, bu esa o‘z navbatida sud ishlariga doir murojaatlarning (ayniqsa, apellatsiya, kassatsiya shikoyatlarining) qonuniy muddatlarda berilganligini aniqlovchi vosita hisoblanishi sudlarga tushuntirilsin.
Talab qilingan ishning uzrli sabablarsiz o‘z vaqtida kelmasligi murojaatlarni hal qilish muddatlarini kechiktirish uchun asos bo‘laolmasligi sababli iltimosnomalarning nusxalari, ularning tegishli sudlarda qayd qilingan vaqti ko‘rsatilgan holda, ish bilan qo‘shib qaytarib yuborilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tilsin.
Tegishli kamchiliklarni bartaraf etish tartibi va muddatini ko‘rsatib, murojaat qiluvchiga tushuntirish berilgan holda murojaatning harakatsiz qoldirilgan muddati uni hal etish muddatiga qo‘shilmaydi.
20. Murojaatda muayyan ishni ko‘rishda sud (sudya) tomonidan protsessual qonun me’yorlari buzilganligi haqida vajlar keltirilgan bo‘lib, sud (sudya) ning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish zaruriyati mavjud bo‘lsa, ish shunday tekshiruvni o‘tkazish uchun tegishli sudyalar malaka hay’atlariga yuboriladi va uning xulosasi olingandan keyingina kassatsiya tartibida ko‘riladi.
Xizmat tekshiruvi o‘tkazishda qatnashgan va u yuzasidan tuzilgan xulosani imzolagan sudya kelajakda shu ishni birinchi bosqich sudida, apellatsiya, kassatsiya bosqichi sudida yoki sud nazorati tartibida ko‘rishda ishtirok etishi mumkin.
21. Davlat boji to‘lash lozim bo‘lgan taqdirda tegishli to‘lov qog‘ozi ilova qilinmagan murojaatlar dastlab harakatsiz qoldiriladi, kamchilikni bartaraf etish muddati ko‘rsatilgan holda berilgan tushuntirishdan keyin shu muddat o‘tgach esa u berilmagan hisoblanib qaytariladi.
Davlat boji to‘lashdan ozod etish haqida asoslantirilgan arizalar mavjud bo‘lganda ular tegishli tartibda hal etilgach murojaatlar ko‘rib chiqiladi.
22. Sud ishlariga nisbatan viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan tegishli munosabat bildirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasligi ularni asosan Oliy sudda ko‘rmaslikka sabab bo‘lishi mumkin. Bunday murojaatlar munosabat bildirilmaganligini ko‘rsatuvchi yetarli asoslar bo‘lgan taqdirdagina shu sudlarga yuborilishi mumkin.
23. Nazorat tartibidagi murojaatlar ishni talab qilib olish yo‘li bilan ko‘rib chiqilgan barcha hollarda, basharti protest keltirishga asos mavjud emas degan to‘xtamga kelinadigan bo‘lsa, uni ko‘rib chiqqan shaxs tomonidan uning imzosi bilan bu haqda asoslantirilgan xulosa tuziladi. Xulosa protest keltirish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan tasdiqlanadi. Xulosa tasdiqlangandan so‘ng murojaatni ko‘rib chiqqan shaxs o‘z imzosi bilan asoslantirilgan javob yo‘llashi mumkin bo‘ladi.
Vakolatli shaxs tomonidan ishni talab qilib olish yoki murojaatga javob berish masalasi qanday hal etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar mavjud bo‘lmasdan turib murojaatni ko‘rib chiqqan shaxsda u yuzasidan o‘z imzosi bilan javob qaytarish huquqi paydo bo‘lmaydi.
Sud protsessi ishtirokchisining bevosita o‘zi hamda uning vakili hisoblangan sud protsessi ishtirokchisi (himoyachi va boshqalar) tomonidan bir xil vajlar bayon etilgan alohida-alohida murojaatlar berilgan holda, ularda keltirilgan barcha vajlarga asoslantirilgan yagona javob yozib, javob nusxalarini har biriga yuborish lozim.
24. Aynan bir sudning o‘ziga nazorat tartibida qilingan takroriy murojaatlarga agarda ular o‘z mazmuni va mohiyatiga ko‘ra ilgarigisidan farq qilmasa va protest keltirish uchun asos bo‘lmasa, muqaddam javob qaytarilganligini ma’lum qilish bilan kifoyalanish mumkin. Dastlabki javobni to‘ldirish, yoxud murojaatni qaytadan har tomonlama va to‘la ko‘rib chiqish, o‘zgartirish zarurati bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
Muqaddam protest keltirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, uni rad etish to‘g‘risida xulosa tuzgan shaxs takroriy murojaatlarni ko‘rib chiqish mumkin emas, lekin o‘sha xulosani tasdiqlagan, protest keltirishga vakolati bo‘lgan shaxsda takroriy xulosani tasdiqlash yoki protest keltirish huquqi saqlanadi.
25. Sud qarorlarining ijrosiga doir masalalar bo‘yicha yuqori sudlarga kelib tushgan murojaatlar shu qarorni qabul qilgan sudga yoki ijro qilinadigan joydagi sudga yoki Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash departamenti hududiy bo‘limiga ijroni tashkil etish ko‘rsatilib jo‘natiladi.
26. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun va amaldagi protsessual qonunlarga ko‘ra, sudlarning rahbarlari tomonidan fuqarolar qabulining to‘g‘ri tashkil etilishi, eng avvalo, ularning qonuniy majburiyati hisoblanadi. Shuning uchun bu masalaga doimiy e’tibor berish, qonunga binoan qabulning qat’iy kunlari, soatlari aniq belgilab qo‘yilishi, belgilangan kun, vaqt va joyni asossiz ravishda boshqa vaqtga qoldirish, sud rahbarining zaruriy xizmat safari, ta’tilda bo‘lishi, betobligi kabi uzrli sabablar bo‘lmagan taqdirda qabul jadvalini o‘zgartirish mumkin emasligi tushuntirilsin.
Sud rahbarlari har bir sudda murojaatlarni qabul qilishning markazlashtirilgan, qat’iy va yagona ro‘yxatga olinadigan tizimini tashkil etishlari shart.
27. Sud ishlari bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish fuqarolar haq-huquqlarini ro‘yobga chiqarish va muhofaza etish vositasi bo‘libgina qolmay, balki ular orqali odil sudlovning umumiy ahvolini, sudlar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish imkoni ham vujudga keladi. Murojaatlarni hal etish amaliyotini umumlashtirish, tahlil qilish natijasida odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha qayerda qanday kamchiliklar mavjud, nimalarga e’tiborni kuchaytirish va qanday choralarni qo‘llash zarurligini aniqlash mumkin. Qaysi sud, sudya xususida asosli shikoyatlar ko‘paysa, shu sudda yoki sudya faoliyatida kamchiliklar mavjudligi, qonunlarga rioya qilish susayganligi, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga putur yetkazilayotganligi ehtimoli borligiga e’tiborni qaratish kerak. Shuning uchun barcha sudlar sudlarga kelib tushayotgan ariza va shikoyatlarni muntazam tahlil qilib borishlari, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarning sabablarini aniqlashlari va mavjud nuqsonlarni bartaraf qilish bo‘yicha muayyan tadbirlarni belgilashlari lozim bo‘ladi.
28. Sudlarga fuqarolarning murojaatlarini hal etishda protsessual qonunlarga qat’iy rioya qilish, birorta ham qonun buzilishi holatini e’tibordan chetda qoldirmaslik, sud xatolarini tezlikda tuzatish choralarini ko‘rish, sud ishlariga doir murojaatlarni hal etishda fuqarolar manfaatlari birlamchiligi tamoyiliga asosan ish yuritish, xolisona adolatni o‘rnatish tavsiya etilsin.
29. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudlari, viloyat, Toshkent shahar sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi ushbu masalani, o‘ta muhimligidan kelib chiqib, muntazam ravishda umumlashtirib borsinlar va bir yilda kamida ikki marta kengaytirilgan Rayosat majlisida muhokama qilib Plenum qarorlarining bajarilishini ta’minlasinlar.