LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999-yil 30-apreldagi 7-sonli, 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli, 2004-yil 24-sentabrdagi 15-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 7-sonli “Jinoyat ishlarini birinchi instansiya sudida muhokama qilish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat barpo etilayotgan bir sharoitda qonuniylikka va fuqarolar huquqlariga qat’iy rioya qilish, barcha protsessual qonunchilik normalariga amal qilgan holda adolatli va asoslantirilgan hukmlar chiqarish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Respublika sudlarida ko‘plab ishlar protsessual qonunga qat’iy asoslangan holda ko‘rilmoqda. Shu bilan birga ishlarni hal etish sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi jiddiy kamchiliklar hali bartaraf etilgan emas.
Ayrim hollarda ish jarayoni qatnashchilarining qonun tomonidan kafolatlangan huquqlari, tortishuv prinsipi buzilish hollari uchrab turibdi. Sud jarayonining tayyorlash bosqichida sudlanuvchining shaxsiga oid ma’lumotlar, ish yuzasidan ish yuritishni mustasno qiluvchi holatlar hamma vaqt ham lozim darajada tekshirilmaydi.
Ish jarayoni qatnashchilarining iltimoslarini qanoatlantirishni asoslantirilmagan holda rad qilish hollari uchramoqda. Iltimoslarni ko‘rib chiqish tartibining o‘zi ham buzilmoqda. Ayrim hollarda sud majlisi bayonnomalari qo‘yilgan talablarga mos kelmaydi.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jinoyat ishlarini sud muhokamasi jarayonida protsessual qonunchilikka rioya qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori jinoyat ishlarini sud muhokamasi jarayonida protsessual qonunchilikka qat’iy amal qilishning zarurligiga qaratilsin, faqat unga aniq va og‘ishmay amal qilish ishning holatini har tomonlama to‘liq va xolisona tekshirishni, jinoyatlarning sodir etilishiga imkon yaratuvchi sharoit va sabablarni aniqlashni va sud jarayonining tarbiyaviy ta’sirini ta’minlashini e’tiborga olinsin.
Jinoyat ishlarini sud muhokamasiga tayinlash chog‘ida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi sudlarga uqtirilsin va ular zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi JPKning 396-moddasi talabidan kelib chiqib, har bir jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasining to‘g‘ri tanlanganligini aniqlash majburiyatlari yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi JPKning 249-moddasida belgilangan garov, ya’ni pul-mablag‘ yoki qimmatbaho buyumlarni tergov organi yoki sudning depozit hisob raqamiga topshirilishi asosida ehtiyot chorasini tanlash ayblanuvchi (sudlanuvchi)ni jamiyatdan ajratmagan holda unga yuklatilgan majburiyatlarga rioya qilishini ta’minlovchi samarali usul ekanligi dastlabki tergov organlari va sudlarga tushuntirilsin. Shunga ko‘ra, ishlarning tergov qilinishi va sudda ko‘rilishi chog‘ida tergov organi va sud ayblanuvchi (sudlanuvchi), ularning qarindoshlari, boshqa fuqarolar yoki huquqiy shaxslarga ularning garovga qo‘yish huquqlarini tushuntirishga majburdir.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanuvchining shaxsini ifodalovchi va nafaqat jazo chorasi, balki tegishli tartibli koloniya turini aniqlashda, fuqaroviy da’vo masalasini va boshqa masalalarni hal qilishda ahamiyati bo‘lgan holatlar sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan bo‘lishi zarurligi tushuntirilsin. Sudlanuvchining shaxsini ifodalovchi ma’lumotlar qatoriga davlat mukofotlari, faxriy unvonlari borligi, salomatligi haqida, Jinoyat kodeksining 77-moddasiga muvofiq muddati o‘tib ketmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganligi, jazoni ozodlikdan mahrum etish joylarida o‘taganligi to‘g‘risida va boshqa ma’lumotlar kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sud majlisida raislik etuvchi sudlanuvchiga sud majlisidagi uning huquqlarini, taraflarga, ekspertlar va mutaxassislarga ularning huquqlari va majburiyatlarini to‘lig‘icha tushuntirishi shart va bu sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topishi lozim (JPKning 435—437-moddalari).
Keyingi tahrirga qarang.
4. Sudlarning e’tibori har bir ishni ko‘rishda dalillarni bevosita sud majlisida tekshirishga, ya’ni sudlanuvchilarni, jabrlanuvchilarni, guvohlarni so‘roq qilish, ekspert xulosasini tinglash, daliliy ashyolarni ko‘zdan kechirish, bayonnomalarni va boshqa hujjatlarni e’lon qilishga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlanuvchining ilgarigi so‘roqda bergan ko‘rsatuvlari faqat Jinoyat-protsessual kodeksining 104-moddasida ko‘rsatilgan va ro‘yxati cheklangan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirdagina e’lon qilinishi mumkin.
Jabrlanuvchining yoki guvohning dastlabki tergovda bergan ko‘rgazmalari faqat ularning ushbu ko‘rsatuvlari bilan suddagi ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda, shuningdek, jabrlanuvchi yoki guvohning sudga kelish imkoniyatini cheklovchi sabablar tufayli sud majlisida qatnashmagan taqdirda e’lon qilinishi mumkin.
Sudga kelishni istisno qiluvchi holatlarga, shaxsning vafotidan tashqari og‘ir xastalik, yiroqda va ko‘p cho‘ziladigan xizmat safarida bo‘lishi, yashash joyidan ro‘yxatdan chiqib ketganda uning turar joyini aniqlashning imkoniyati bo‘lmagan holatlar kiritilishi mumkin. Har bir holatda shaxsning sudga kelishini istisno qiluvchi holat deb topish to‘g‘risida qaror sud tomonidan ushbu masalalarni muhokama qilingandan keyin qabul qilinishi kerak.
Sudlanuvchining (jabrlanuvchining, guvohning) e’lon qilingan ko‘rsatuvlari sud tomonidan sud tergovi jarayonida tekshirilishi lozim.
5. Jinoyat-protsessual kodeksining 438-moddasi mazmunidan kelib chiqib, sud majlisi qatnashchilarining yangi guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni chaqirish, daliliy ashyolarni va hujjatlarni talab qilib olish to‘g‘risidagi iltimoslari ular arz qilingan va muhokama etilgandan keyin bevosita hal qilinishi lozim bo‘ladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud muhokamasi qatnashchilari doirasini aniqlash va ishning harakati (jamoat ayblovchisini, jamoat himoyachisini ishga kiritish jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar deb tan olish, ishni to‘xtatib qo‘yish yoki uni keyinga qoldirish, ishni qo‘shimcha tergovga yuborish, ishni tugatish va boshqalar) bilan bog‘liq xoh sud muhokamasining tayyorlov qismida va xoh sud muhokamasi jarayonida arz qilingan barcha boshqa iltimoslar ushbu tartiblar asosida hal qilinadi. Agar taraf muhokama qilinib hal etilgan iltimos yuzasidan yana shu asoslar bo‘yicha arz qilgan taqdirda raislik etuvchi bu iltimosni muhokamaga kiritmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Sudlarning e’tibori daliliy ashyolarni, hujjatlarni tekshirish, joyni va binoni ko‘zdan kechirish ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun ahamiyatli ekanligiga qaratilsin.
Daliliy ashyolar va hujjatlar sud majlisida ish bo‘yicha boshqa dalillar qatorida chuqur tekshirilishi (shuningdek, ko‘zdan kechirilishi, e’lon qilinishi) lozim. Shu o‘rinda ularni tanib olish uchun ko‘rsatilgan shaxslar sudlarning e’tiborini ularni tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan u yoki boshqa holatlarga qaratishlari mumkin. Daliliy ashyolarni ko‘zdan kechirish va hujjatlarni e’lon qilish bilan bog‘liq sudning barcha harakatlari sud majlisi bayonnomasida aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Sud majlisiga kelgan guvohlar, ekspert yoki mutaxassis, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar yoki ularning vakillari so‘roq qilingandan so‘ng ishning muhokamasi keyinga qoldirilib so‘ngra ish o‘sha tarkibda ko‘rilayotgan bo‘lsa va ularni chaqirishning hojati bo‘lmasa, ushbu shaxslar ikkinchi marotaba sud majlisiga chaqirilmasligi mumkin.
Shu sababli bu shaxslarning ish muhokamasini keyinga qoldirgandan keyin sud majlislarida qatnashmasligi ixtiyoriy ravishda bo‘lib, ularning xohish-istaklariga bog‘liq bo‘ladi. Ushbu sharoitlarni ta’minlash maqsadida raislik etuvchi ish muhokamasi keyinga qoldirgan taqdirda qayd etilgan shaxslarga ularning kelgusi sud majlislarida qatnashish huquqlarini tushuntirishi shart va bu haqda sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan bo‘lishi lozim va keyinchalik ularni kelgusi sud majlislarining vaqti va joyi haqida xabardor qilishi kerak.
8. Sudlarning e’tibori Jinoyat-protsessual kodeksining 122—124-moddalariga binoan yuzlashtirish ilgari so‘roq qilingan ikki shaxs ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklarning sababini aniqlash uchun o‘tkazilishiga qaratilsin. Yuzlashtirish o‘tkazish chog‘ida so‘roq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilinadi, yuzlashtirish chog‘ida so‘roq bayonnomasi yoki so‘roq qilinayotgan shaxslar avvalgi so‘roqlarda bergan ko‘rsatmalarning fonogrammalari shu shaxslar yuzlashtirilib, ularning ko‘rsatuvlari bayonnomaga kiritilganidan keyingina o‘qib berilishiga yoki eshittirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
9. Sudda ishlarni muhokama qilayotganda ish bo‘yicha sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar yoki guvohlar qatorida voyaga yetmaganlar qatnashayotganda sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 84, 121-moddalari, 442-moddasining 3-qismi talablariga rioya etishga alohida e’tibor qilishlari zarur.
Ishning ayrim holatlarini aniqlash bu shaxslarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini e’tiborga olib, sudlar bunday holatlarni tekshirish vaqtida voyaga yetmaganlarning sud zalida qatnashishi masalasini har bir holatda muhokama qilishlari lozim.
10. Sudlar, ekspert va mutaxassisning huquqlari va protsessual o‘rnini belgilovchi qonun normalariga qat’iy amal qilishlari kerak.
Sud muhokamasida qatnashish uchun mutaxassis dalillarni tekshirish paytida maxsus bilim va tajribalar (masalan, texnologik yoki ishlab chiqarish jarayonining mohiyati, u yoki bu mutaxassislikning o‘ziga xos xususiyatlari va b.) zarur bo‘lgan hollarda chaqiriladi. Mutaxassis fikri sud majlisi bayonnomasida albatta qayd etiladi.
Ekspertning xulosasi qonunga asosan dalil turlaridan biri hisoblanadi va o‘tkazilgan tekshirishlar asosida beriladi. Ekspert oldiga mutaxassisning huquq doirasiga kiruvchi savollarni qo‘yish mumkin, mutaxassis oldiga ekspertning huquq doirasiga taalluqli savollarni qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. Uning fikrini ekspertning xulosasiga tenglashtirib bo‘lmaydi.
Sudlar, ekspertiza o‘tkazishni ekspertni so‘rash bilan almashtirishga yo‘l qo‘ymasliklari kerak chunki Jinoyat-protsessual kodeksining 446-moddasiga binoan ekspert faqat sudda ekspertiza o‘tkazgandan so‘ng va o‘z xulosasini e’lon qilganidan keyin sud majlisida so‘roq qilinishi mumkin.
11. Sudlar, sud muhokamasi qatnashchilari tomonidan bildirilgan iltimoslarni bayonnomada to‘g‘ri bayon qilishga va bularni muhokama qilish tartibiga; maslahat uyiga kirmasdan sud majlisida qabul qilinadigan sud ajrimlariga; sudlanuvchining unga e’lon qilingan ayblov bo‘yicha, guvohlar va jabrlanuvchilarning ish holatlari bo‘yicha ko‘rsatuvlariga; dalillarni tekshirish jarayoniga alohida e’tiborlarini qaratishlari kerak.
12. Jinoyat-protsessual kodeksi 423-moddasining 2-qismida qayd etilgan masalalar bo‘yicha ajrimlar sud tomonidan alohida xonada (maslahatxonada), alohida hujjatlar tarzida rasmiylashtirilgan va sud tomonidan imzolangan holatda chiqarilishini sudlar e’tiborga olishlari lozim.
Sud tomonidan alohida xonaga kirmasdan o‘z joyida chiqarilgan ajrimlar Jinoyat-protsessual kodeksi 423-moddasining 3-bandiga asosan sud majlisi bayonnomasiga kiritiladi va keltirilgan iltimosnomani qanoatlantirish rad etilganda qabul qilingan qarorining sabablari ko‘rsatilishi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Taraflarning muzokara so‘zlari JPKning 449-moddasi tartibida eshitilib, sud bayonnomasida to‘liq aks ettirilgan bo‘lishi lozim. Agarda taraflar o‘z nutqlarini yozma ravishda taqdim etsalar, nutqlar ilova qilinib, bu haqda bayonnomada qayd etilishi kerak.
Sudlarga tushuntirilsinki, sud tergovi tamomlanganidan so‘ng taraflar muzokara so‘zlaridan keyin so‘nggi e’tiroz bildirish huquqi hamisha himoyachi va sudlanuvchiga beriladi, ularning har biri boshqa tarafning nutqlarida aytilgan masalalar yuzasidan e’tirozlari bo‘lsa yana bir martadan so‘zga chiqishlari mumkin (JPKning 449-moddasi).
Sudlarga, muzokara tamom bo‘lganidan keyin taraflar Jinoyat-protsessual kodeksi 457-moddasining birinchi qismidagi 1-6-bandlarda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan chiqariladigan qarorning o‘zlari taklif etiladigan mazmunini sudga yozma ravishda taqdim etishlari mumkinligi, davlat ayblovchisi va himoyachi uchun qarorning bunday mazmunini sudga taqdim etish majburiyligi tushuntirilsin (JPKning 450-moddasi).
14. Sudlarning e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 17-son qarorining 23, 24-bandlariga binoan, raislik qiluvchi hukm e’lon qilingandan so‘ng sudlanuvchiga va boshqa taraflarga hukmning mazmunini, uning ustidan apellatsiya yoki kassatsiya shikoyati berish tartibi va muddatlarini, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish va unga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqini tushuntirishga qaratilsin. Tegishli hollarda hukm sudlanuvchi bilmaydigan yoki yetarli darajada bilmaydigan tilda bayon qilingan bo‘lsa, e’lon qilinganidan so‘ng, hukm tarjimon tomonidan sudlanuvchining ona tilida yoki sudlanuvchi uchun tushunarli bo‘lgan boshqa tilda o‘qib eshittiriladi. Agar sudlanuvchi o‘lim jazosiga hukm qilingan bo‘lsa, unga afv so‘rab iltimos qilish huquqi va tartibi ham tushuntiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shuningdek, sudlarning e’tibori Jinoyat-protsessual kodeksi 449-moddasining advokat qatnashishidan qat’iy nazar sudlanuvchiga muzokara uchun so‘z berilishi to‘g‘risidagi talablariga rioya etilishi lozimligiga qaratilsin.
15. Agarda sudlanuvchi oxirgi so‘zida ish uchun muhim ahamiyatli yangi holatlar to‘g‘risida yoki muqaddam tekshrilmagan, lekin ishga aloqador dalillarni keltirsa, sud O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 452-moddasi talablariga binoan sud tergovini yangidan boshlab sudlanuvchini ushbu holatlar to‘g‘risida batafsil so‘roq qilishi va dalillarni sud tergoviga oid protsessual qonun talablariga rioya qilgan holda tekshirishi kerak.
Sudlarning e’tibori sudlanuvchining oxirgi so‘zini muayyan muddat bilan cheklab qo‘yishi mumkin emasligiga, lekin raislik qiluvchi sudlanuvchining so‘zini, u ishga mutlaqo aloqasi yo‘q holatlarni bayon qila boshlagan hollarda to‘xtatishga haqli ekanligiga qaratilsin (JPKning 451-moddasi).
Jinoyat-protsessual kodeksining 453-moddasiga binoan sudlanuvchining oxirgi so‘zini eshitib bo‘lganidan so‘ng sud hukm chiqarish yoki ajrim chiqarish uchun darhol alohida xonaga (maslahatxonaga) kirishi, bu haqda raislik etuvchi sud majlisi zalida e’lon qilishi shartligi, shuningdek, sud majlisi bayonnomasida maslahatxonadan qaysi kuni chiqib hukm yoki ajrim e’lon qilinganligi ko‘rsatilishi kerakligi tushuntirilsin.
16. Jinoyat-protsessual kodeksining 415-moddasi talabiga binoan sud muhokamasida ayblovning og‘irrog‘i bilan yoki dastlabki ayblovga nisbatan haqiqiy holatlari jiddiy farq qiladigan ayblov bilan o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
a) og‘irroq jazoni taqozo qiluvchi jinoyat qonunining boshqa normasi (moddasi, moddasining qismi yoki bandi) qo‘llanilayotganligi;
b) og‘irroq jazoni taqozo etuvchi qonunga jinoyat tavsifini o‘zgartirishga olib keladigan yoki sodir etilgan jinoyatning yuridik bahosini o‘zgartirmasada haqiqiy ayblov miqdorini ko‘paytiruvchi ayblanuvchiga qo‘yilmagan qo‘shimcha faktlar (epizodlar) ayblovga qo‘shilayotganligi tushuntirilsin.
17. Sudlar, Jinoyat-protsessual kodeksi 82-moddasining 4-bandiga binoan jinoyatning sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart- sharoitlar sud muhokamasining muhim qismini tashkil etishini e’tiborga olgan holda, har bir jinoyat ishini ko‘rayotganda qonunning bu talabini bajarishi uchun zarur choralarni ko‘rishi lozim va yetarli asoslar bo‘lganida asoslantirilgan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
Ish bo‘yicha aniqlangan qonun buzilishi to‘g‘risidagi dallillar, qonunbuzarlikning sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlar, ayrim fuqarolarning ishlab chiqarishda, turmushdagi noto‘g‘ri axloqi yoki ular tomonidan jamoatchilik burchining buzilishi hollari xususiy ajrim chiqarishga sababchi bo‘lishi mumkin.
Ishni muhokama etayotganda, shuningdek, dastlabki tergov organi tomonidan jinoyatni sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilish bo‘yicha chiqarilgan taqdimnomalar (qarorlar) yuzasidan qanday choralar ko‘rilganligini aniqlash zarur, agarda ular uzrsiz sabablarga ko‘ra chiqarilmagan bo‘lsa, bu haqda xususiy ajrimda ko‘rsatilib o‘tish kerak hamda asoslar bo‘lganda tegishli mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasini qo‘yish lozim.
18. Jinoyat-protsessual kodeksining 272-moddasiga binoan sud majlisi tartibini buzgan, raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunmagan yoki sudni behurmat qilganligi uchun sud majlisi zalidan chiqarib yuborilgan shaxs (sudlanuvchi, ayblovchi va himoyachi bundan mustasno) raislik qiluvchi tomonidan uning joyning o‘zida chiqargan ajrimiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Zaldan chiqarib yuborilgan ayblovchi yoki himoyachining nomunosib xulq-atvori to‘g‘risida sud xususiy ajrim chiqarib, uni tegishligiga qarab yuqori turuvchi prokurorga yoki advokatlar hay’ati rayosatiga yuboradi. Ajrimlar sud majlisi bayonnomasida qayd etilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Sud majlisi bayonnomasi ish bo‘yicha muhim protsessual hujjatlardan biri ekanligini e’tiborga olib, sudlar Jinoyat-protsessual kodeksining 426-moddasi talablaridan kelib chiqib, uni yuritish sifatini yaxshilash choralarini ko‘rishlari kerak.
Bayonnomaning o‘z vaqtida va sifatli yuritilishi uchun raislik etuvchi qatorida sud majlisi kotibi ham mas’uldir. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 426-moddasining 5-qismiga binoan bayonnomaning mazmuni bo‘yicha raislik qiluvchi bilan o‘rtalarida kelishmovchilik bo‘lgan taqdirda kotib o‘z mulohazalarini bayonnomaga ilova qilishi shart, bu mulohazalar sud tarkibi tomonidan ko‘riladi. Mazkur masala yuzasidan ajrim chiqarilib bayonnomaga ilova qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud muhokamasi vaqtida sud majlisining kotibi Jinoyat-protsessual kodeksining 90—92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida bayonnoma yuritadi (JPKning 426-moddasi). Agarda sud majlisi jarayonida bir nechta kotib qatnashgan bo‘lsa, har qaysi kotib o‘zi yuritgan yozuv uchun bayonnomani imzolashi shart. Raislik etuvchi o‘zgarmagan bo‘lsa, sud majlisi tamom bo‘lgandan keyin imzo qilishi yetarlidir.
Sud majlisi bayonnomasi aniq, tushunarli tarzda yozilishi, o‘chirishlar yoki kiritilgan so‘zlar yoxud boshqa tuzatishlar xususida bayonnoma oxirida imzolash oldidan izoh berilishi zarur (JPKning 92-moddasi).
20. Ishlar bo‘yicha raislik etuvchi sudyalarning e’tibori kasbiy mahoratlarini doimiy oshirishlari zarurligiga qaratilsin chunki ish holatlarini to‘liq va xolislik bilan tekshirish, haqiqatni aniqlash va sud jarayonining tarbiyaviy ahamiyati ular tomonidan protsessual qonunchilikning barcha talablarini og‘ishmay va aniq bajarilishi, mohirona, chuqur o‘ylab, odob bilan rahbarlik qilishiga asosan bog‘liqdir.
21. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudiga, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga ishlarni apellatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rayotganda birinchi bosqich sudlari tomonidan jinoyat-protsessual qonunchiligiga rioya qilinishiga alohida e’tibor qaratish, jinoyat ishlarining sud muhokamasida jinoyat-protsessual qonunchiligini qo‘llashda yo‘l qo‘yilgan xatolarni, birorta qonun buzilish holatini e’tibordan chetda qoldirmasdan, muntazam tahlil qilib borish tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.