LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli qaroriga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
Tabiiy muhitni asrash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish umummilliy vazifa hisoblanadi va bu ekologiya tizimini, tabiat komplekslari va ayrim obyektlarning muhofazasini ta’minlashga, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqini kafolatlashga qaratilgan.
Shu munosabat bilan suv havzalari va havoning ifloslanishi, yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish, qonunga xilof ravishda o‘rmonni kesish, ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish va ekologiya sohasidagi boshqa jinoyat va huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha sud amaliyotini to‘g‘ri va samarali amalga oshirish katta ahamiyat kasb etadi.
Ayrim sudlarda aybdorlarning harakatlarini noto‘g‘ri tavsiflash hollari uchrab turibdi, ularni muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish masalasi hamma vaqt ham hal qilinmayapti. Maxsus bilimni talab qiladigan masalalarni hal etishga ba’zi hollarda mutaxassislar jalb qilinmayapti, ekologiyaga zarar yetkazayotgan barcha aybdor shaxslarga, shu jumladan, korxona va tashkilot rahbarlariga bo‘lgan talablarni asossiz ravishda susaytirish yoki ularni javobgarlikka tortmaslik hollari mavjud. Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish to‘g‘risidagi qonunlarning buzilish sabablarini va shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga yetarlicha ahamiyat berilmayapti.
Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunlarni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tabiatni muhofaza qilish, tabiat boyliklaridan ziyon-zahmat yetkazmasdan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi qonunlarga qat’i amal qilish eng muhim davlat vazifalaridan biri ekanligiga, ularni hal qilish fuqarolarning sog‘lig‘i va farovonligi, shuningdek respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi bilan bog‘liq ekanligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Respublikada tabiatni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi, atmosfera havosini, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida, er, suv, yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonunlari, shuningdek boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 09-sonli qarori tahririda).
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq er, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi ifloslanishdan, buzilishdan, zararlanishdan, oriqlab ketishdan, vayron bo‘lishdan, yo‘q bo‘lib ketishdan, oqilona foydalanmaslikdan muhofaza etilishini nazarda tutmoq lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar jumlasiga davlat qo‘riqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari, tabiat bog‘lari, davlat tabiat yodgorliklari, ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan hududlar, muhofaza etiladigan landshaftlar, ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlar, davlat biosfera rezervatlari, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlar kiradi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur turkumdagi jinoyat va ma’muriy ishlarni ko‘rishda bevosita jinoyatni va boshqa huquqbuzarlikni sodir qilgan shaxslar bilan chegaralanib qolmasdan, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlikda aybdor bo‘lgan barcha shaxslar doirasini sinchiklab aniqlash shart. Xususan o‘zlarining harakatsizliklari yoki qonunga xilof harakatlari bilan tabiatga ziyon yetkazgan korxona va tashkilot rahbarlarining aybdorlik darajasini aniqlash va ularni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish masalasini hal qilish zarur. Shu bilan bir qatorda ekologiya nazorati organlarining tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzilishiga olib kelgan harakatsizliklari sabablari ham aniqlashi kerak. Asoslar mavjud bo‘lganda bunday organlarning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilmog‘i lozim.
4. Korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarning da’volari yoki bu tashkilotlarga nisbatan qishloq xo‘jalik mulklariga shikast yetkazish yoxud buzish, meliorativ ishlarni sifatsiz bajarish, sanoat yoki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish chiqindilari bilan atrof muhitning ifloslanishi natijasida ekinlar va hayvonlarning nobud bo‘lishi yoxud tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni boshqacha tarzda buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha fuqarolik ishlarini ko‘rishda yetkazilgan zarar mansabdor shaxslarning o‘z xizmat vazifalarini suiiste’mol qilganligi yoinki mansab sovuqqonligi orqasida yetkazilganligi aniqlansa, sudlar ularning javobgarligi masalasini ham hal qilishlari lozim.
5. Ekologiya nazorati sohasida ishlayotgan mansabdor shaxslarning tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzuvchilar bilan jinoiy til biriktirganlik hollari aniqlanganda, bunday mansabdor shaxslar tabiiy atrof muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzganligi va tegishli mansabdorlik jinoyati uchun javobgarlikka tortilmog‘i zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Maxsus bilimlarni talab qiluvchi masalalarni to‘g‘ri hal qilish maqsadida sudlar tegishli ekspertizalarni gidrometeorologlar, sanitariya-epidemiya xizmati xodimlari, zoologlar, ixtiolloglar, botaniklar, ovshunos, o‘rmonshunos, tuproqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda tayinlashlari kerak. Bunda ekologiya ekspertizasi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning majburiy chorasi hisoblanishini va uni o‘tkazish “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 24-25-moddalarida belgilanganligini e’tiborga olmoq zarur. O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risida”gi Nizomning 12-moddasiga muvofiq ekologiya ekspertizasi mazkur qo‘mita tomonidan o‘tkaziladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Tushuntirilsinki, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasiga binoan jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi jamoat birlashmalarining tashabbusiga ko‘ra ularning mablag‘lari hisobidan yoki jamoatchilik asosida mutaxassislarning mustaqil guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasining xulosalari tavsiya tamoyiliga ega bo‘ladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 245-moddasiga muvofiq tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi ushbu kodeksning 66, 67, 76-moddalari (suv xo‘jaligi inshootlariga zarar yetkazishga oid qismi), 90-moddasining 2-qismi, 94-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar sudlarga taalluqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan hayvonot yoki o‘simliklar dunyosidan foydalanish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan belgilanadi va u ham doimiy, ham vaqtinchalik (mavsumiy) xaraktyerga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi “Qimmatli va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar hamda hayvonlar turlarini muhofaza etishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan. Xususan, ushbu qarorda Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar va hayvonlarni tabiatdan har qanday ko‘rinishda olish faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, ovlanadigan hayvon turlari (shu jumladan baliqlar) esa tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi tomonidan beriladigan litsenziyalar bo‘yicha amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Ov qilish yoki baliq tutish qoidalarini buzish deganda, ovni tegishli ruxsatnomasiz yoxud yovvoyi qushlar yoki baliqlarni ruxsatnomada ko‘rsatilgan miqdordan ortiq ovlash, shuningdek ovni taqiqlangan vaqtda yoki ruxsat berilmagan joylarda yoxud ruxsat etilmagan qurol, vosita va usullar bilan amalga oshirilish tushunilmog‘i lozim.
Jinoyat kodeksi 202-moddasi 2-qismining “a” bandi bo‘yicha javobgarlik ham O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga, ham Xalqaro Qizil kitobga kiritilgani hayvonlar, parrandalar, baliqlar, hayvonot dunyosi yoki o‘simliklarning boshqa turlari yo‘q qilingan hollarda vujudga keladi. Bunda yetkazilgan ziyonning hajmi ahamiyatga ega emas.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Jinoyat kodeksining 194-moddasida javobgarlik belgilangan atrof muhitni ifloslanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qasddan yashirganlik deganda, aybdor shaxs ekologik vaziyatning ahvoli to‘g‘risida umuman yoxud o‘z vaqtida ma’lumot bermaganlik harakatlarini (harakatsizligini) tushunmoq lozim. Bunday ma’lumotlar haqiqatga muvofiq kelmasa (atrof muhitning ifloslaganligi ko‘rsatkichlarini kamaytirib ko‘rsatish va hokazolar), ular buzilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishda sudlar jinoiy yo‘l bilan topilganini bila turib (baliqlarni, yovvoyi hayvonlarni, parrandalarni, daraxtlarni va hokazolarni) olgan yoki o‘tkazgan shaxslarni aniqlash choralarini ko‘rishlari va muayyan holatlardan kelib chiqib, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 171-moddasi alomatlari bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari lozim
(10-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 09-sonli qarori tahririda).
11. Tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq bo‘lgan fuqarolik, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda sudlar qonun zararni to‘liq hajmda undirishni ko‘zda tutishidan kelib chiqishlari shart. Zararni undirish miqdorini kamaytirishga faqat alohida hollarda sud tomonidan aniqlangan huquqbuzarning mulkiy ahvoliga qarab, jinoyat g‘araz niyatda sodir etilmagan taqdirda, yo‘l qo‘yiladi va bu holat qabul qilingan qarorda asoslantirilgan bo‘lishi shart.
12. Amaldagi qonunlarga binoan qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan mahsulot (yovvoyi hayvon, parranda, baliq, daraxt, mo‘yna va boshqalar) huquqbuzardan olib qo‘yilishi shart. Agar bunday mahsulot huquqbuzardan olib qo‘yilgan va ish sudda ko‘rilgunga qadar sotilgan bo‘lsa, sud hukmda, qarorda tushgan mablag‘ni tegishli tashkilotning hisobiga o‘tkazishni ko‘rsatishi zarur.
Qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritilgan mahsulotni olib qo‘yish imkoniyati bo‘lmasa (huquqbuzar tomonidan foydalanilgan yoki sotilgan, yaroqsiz holga kelgan va hokazolar), sud mahkumdan yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsdan yoinki javobgardan uning belgilangan narxlarda hisoblangan qiymatini undirish to‘g‘risidagi masalani hal qilishi lozim.
13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 24-maydagi 246-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Tabiatni muhofaza qilish jamg‘armalari to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq tabiatni muhofaza qilish qonunlarini buzish natijasida yetkazilgan zararni qoplash summasi, agar amaldagi qonunlarda boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, tabiatni muhofaza qilish mahalliy (5-band) va respublika (8-band) jamg‘armalari hisobiga undiriladi. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, qonunga xilof ravishda ov qilish, g‘ayriqonuniy ravishda baliqlarni hamda boshqa suv hayvonlarini ovlash va yo‘q qilish oqibatida yetkazilgan zararni qoplash summasi Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi huzuridagi davlat biologiya nazorati hisobiga o‘tkaziladi. Agar huquqbuzarlik davlat quriqxonasi yoki milliy tabiat bog‘i hududida sodir etilgan bo‘lsa jarimani to‘lashdan tushgan barcha mablag‘ davlat qo‘riqxonasi yoki milliy tabiat bog‘ining hisobiga undiriladi. Xavfsizlik qoidalari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish talablari buzilganligi uchun undiriladigan jarimalar summasi mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish Respublika fondi hisobiga o‘tkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish haqidagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanuvchiga tegishli jinoyat qurollari, shu jumladan, avtomashina, mototsikl va qayiqlar, agar jinoiy harakat ular yordamida amalga oshirilsa yoki sodir etilishi osonlashtirilsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq musodara qilinishi lozim.
Ma’muriy huquqbuzarlik harakatini sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilish masalasi Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga muvofiq hal qilinishi kerak.
15. Sudlar tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda qonunning alohida yondoshuv talablariga og‘ishmay rioya etishlari kerak. Ko‘p miqdordagi qimmatbaho yoki noyob hayvonlar, parranda va baliqlarni qirib tashlash, o‘rmonlarga shikast yetkazish yoki ularni yo‘q qilish, qishloq xo‘jaligi mulklarini ishdan chiqarish va hokazo yo‘llar bilan davlatga katta zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralari qo‘llanilmog‘i zarur.
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining, bu xizmat jamoatchi nazoratchilarining, shuningdek, o‘g‘rincha ov qilish va qonun bilan qo‘riqlanadigan tabiat obyektlariga boshqacha tajovuz qiluvchilarning harakatlariga barham berish yuzasidan o‘zining jamoatchilik burchini bajarayotgan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tajovuz qilgan shaxslar qattiq jazoga tortilmoqlari shart.
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining o‘zlari xizmat mavqeyidan foydalanib tabiat obyektlariga jinoiy tajovuzlar sodir etgan taqdirda, sudlar ularning muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalani muhokama qilishlari zarur.
16. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlarni buzish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud jarayonlarining ta’sirini kuchaytirish maqsadida sudlar tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlashlari va bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan xususiy ajrimlar chiqarishlari lozim.
Davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazganlik, qimmatbaho yoki noyob hayvonlarni qirib tashlaganlik to‘g‘risidagi, shuningdek, portlovchi moddalar, kimyoviy vositalar va hokazolarni qo‘llab, guruh bo‘lib sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud protsesslarini keng ommaga yetkazmoq kerak.
17. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi atrof muhitni muhofaza etish to‘g‘risidagi qonunlarni to‘g‘ri qo‘llanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.