O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi birinchi qismining uchinchi bandiga va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasiga amal qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 25-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 16-moddasining ikkinchi qismini sharhlash to‘g‘risida”gi ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.
Ma’ruzachi sudya S. Hakimovaning axborotini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Iqtisodiyotni isloh qilish va tadbirkorlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari K. Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar bo‘yicha ekspertlar guruhining konsultanti Y. Nazarov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuridik bo‘limi mudiri B. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasining boshlig‘i X. Sodiqov, Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari E. Gadoyev, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining soliq siyosati boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari T. Minibayeva, Davlat soliq qo‘mitasining uslubiyot va daromadlarni deklaratsiyalash bo‘limi boshlig‘i O. G‘aniyev, O‘zbekiston Respublikasi tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar Palatasi raisi M. Sobirov va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahatlashuv kengashining a’zolari: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlarini monitoringi instituti direktorining o‘rinbosari M. Gasanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi raisining o‘rinbosari M. Azimov, Toshkent shahar advokatlar hay’ati Rayosatining raisi S. Yoqubov, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kafedra boshlig‘i X. Odilqoriyevlarning fikrlarini eshitib, ishga doir barcha materiallar va hujjatlarni o‘rganib chiqib, Konstitutsiyaviy sud aniqladi:
V. Frolov 1999-yil oktyabr oyidan e’tiboran yakka tadbirkor bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 641-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-dekabrdagi 541-sonli qaroriga muvofiq eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdoridagi stavka bo‘yicha soliq to‘lab kelgan. Keyinroq soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilgan va jismoniy shaxslardan qat’iy belgilangan miqdorlarda olinadigan daromad solig‘ining eng ko‘p stavkasi eng kam oylik ish haqining 10, so‘ngra 20 va 30 baravari miqdorigacha oshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 31-dekabrdagi 554-sonli va 2000-yil 26-dekabrdagi 500-sonli qarorlari).
V. Frolov “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanishi kerakligiga qaramay, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan Davlat soliq qo‘mitasi 2001-yil 13-iyundagi № TD/04-01-05/213 № 15/3-3987 raqamli birgalikdagi tushuntirish xati bilan uni bunday huquqdan mahrum etganlar.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq, “Ushbu Qonunda belgilangan shaklda qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida qonun hujjatlari normalarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat normativ-huquqiy hujjat deb hisoblanadi”. Shu Qonunning 5-moddasida normativ-huquqiy hujjat hisoblanuvchi hujjatlarning turlari sanab o‘tilgan. Shunga asoslanib, Konstitutsiyaviy sud qayd etadiki, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan Davlat soliq qo‘mitasining 2001-yil 13-iyundagi № TD/04-01-05/213 № 15/3-3987 raqamli tushuntirish xati normativ-huquqiy hujjat hisoblanmaydi. Shu bois undagi, shuningdek shunga o‘xshash xatlardagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi ikkinchi qismini qo‘llanishga doir tushuntirishlar Konstitutsiyaga xilofdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (15-modda) Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi tan olinadi va boshqa darajadagi hech qanday hujjatlar qonun kuchiga ega emas.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 18-moddasining ikkinchi qismiga binoan imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi lozim.
2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasida shunday deyilgan: “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasiga binoan, fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar. Soliq kodeksi 11-moddasining ikkinchi bandida aytiladiki, soliq to‘lovchilar ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda va asoslarda soliq imtiyozlaridan foydalanish huquqiga egadirlar.
4. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun birmuncha noqulayroq sharoitlarni yuzaga keltiradigan o‘zgartishlar kiritilgan taqdirda, mazkur subyektlardan keyingi ikki yil mobaynida bunday o‘zgartishlar kuchga kirgunga qadar amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga muvofiq soliq undiriladi.
2. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining ikkinchi qismida mustahkamlab qo‘yilgan norma tadbirkorlarga soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun birmuncha noqulayroq sharoitlarni yuzaga keltiradigan o‘zgartirishlar kiritilgan paytdan e’tiboran ikki yil mobaynida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytda amalda bo‘lgan stavka bo‘yicha soliq to‘lash huquqini beradi.