LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq mazkur Qonunning nomidagi hamda matnidagi “O‘zbekiston SSR” degan so‘zlar tegishli kelishikdagi “O‘zbekiston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi O‘RQ-542-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Jumhuriyatning yetilgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etish fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirishni, jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash yuzasidan kechiktirmay chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini taqozo etadi. Bunday sharoitlarda militsiya xodimlari xavfsizligini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Militsiya xodimlarini o‘ldirish, qurolini olib qo‘yish maqsadida ularga hujum qilish, ularning xizmat faoliyatiga aralashish hollari oz emas. Bu esa mehnatkashlarning adolatli noroziligini keltirib chiqarmoqda.
Militsiya xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyalanganligini kuchaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
I. 1. Militsiya xodimlari davlat hokimiyatining vakili ekanligi, davlatning alohida himoyasida bo‘lishi belgilab qo‘yilsin. Militsiya xodimining qonuniy talablarini barcha fuqarolar va mansabdor shaxslar bajarishga majburdirlar.
Militsiya xodimi qonuniy talabini bajarmaslik, shuningdek, uni haqoratlash, unga qarshilik ko‘rsatish, do‘q-po‘pisa qilish, zo‘rlik ishlatish va uning hayotiga tajovuz qilish, shuningdek, militsiya xodimining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa xatti-harakatlarni qilish O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan javobgarlikka olib keladi.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddaning ikkinchi qismiga, 104-moddaning ikkinchi qismiga, 105-moddaning ikkinchi qismiga, 112-moddaning uchinchi qismiga, 140-moddaning uchinchi qismiga, 173-moddaning uchinchi qismiga, 219-moddasiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194—196 va 198-moddasiga qarang.
2. Militsiya xodimining ko‘rsatmalari fuqarolarning, u huquqbuzar, jabrlanuvchi yoki guvoh bo‘lishidan qat’iy nazar, ko‘rsatmalari bilan teng ravishda daliliy ahamiyatga egadir.
Zarur mudofaa, o‘ta zarurat bo‘lgan holatda yoki kasbiga ko‘ra o‘rinli tavakkalchilik qilish holatda militsiya xodimi tomonidan sodir etilgan xatti-harakatlar garchand O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ko‘zda tutilgan jinoiy harakatlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, jinoyat deb hisoblanmaydi.
3. Militsiya xodimi turar-joy maydoni taqsimlashda, uyga telefon o‘rnatishda, maktabgacha bolalar tarbiya muassasalaridan o‘rin berishda imtiyozlardan, transportning barcha turlariga navbatsiz bilet sotib olish, mehmonxonaga joylashish huquqidan foydalanadi, shuningdek, ijtimoiy-maishiy ta’minotning boshqa masalalarini hal etishda xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining qarorlarida ko‘zda tutilgan tartibda imtiyozlardan foydalanadi. Militsiya xodimining hayoti tegishli budjet mablag‘lari hisobidan davlat ijtimoiy sug‘urtasidan albatta o‘tkazilishi kerak.
Militsiya xodimi o‘z xizmat vazifasini yoki ijtimoiy burchini bajarayotganligi munosabati bilan uning mulkiga yetkazilgan zarar tegishli budjet mablag‘lari hisobidan to‘la hajmda to‘lanadi, so‘ngra sud orqali bu zarar aybdordan undirib olinadi.
4. Militsiya xodimi tartibni saqlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z xizmat vazifalarini bajarayotganida qasddan o‘ldirilganda uning oilasiga tegishli budjet mablag‘lari hisobidan uning ellik oylik daromadi miqdorida bir yo‘la nafaqa berilib, so‘ngra bu pul aybdorlardan undirib olinishi belgilab qo‘yilsin. O‘z boquvchisini yo‘qotganligi munosabati bilan halok bo‘lganning oilasiga qonunda ko‘rsatilganiga muvofiq pensiya belgilansin.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunining IV-bobiga (“Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari”) qarang.
Militsiya xodimiga u o‘zining professional faoliyati bilan shug‘ullana olmaydigan darajada og‘ir tan jarohatlari yetkazilganda tegishli budjet mablag‘laridan 25 oylik daromadi miqdorida pul to‘lanib, so‘ngra bu pul aybdorlardan undirib olinishi, shuningdek, uning mansab okladi bilan pensiyasi o‘rtasidagi farq to‘lanishi belgilab qo‘yilsin.
Yengilroq tan jarohatlari yetkazilganda tegishli budjet mablag‘lari hisobidan 5 oylik daromadi miqdorida pul to‘lanib, so‘ngra bu pul aybdorlardan undirib olinishi belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(II, III va IV bo‘limlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 73-I-son qaroriga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 121-modda)